Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda yana eshak so‘yganlar aniqlandi
12:12 / 2022-03-11

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “Qashqadaryoda eshak so‘yib sotayotgan “eshaklar” aniqlandi” nomli xabar tarqaldi.

Ushbu xabar yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Munosabatda ta’kidlanishicha, joriy yilning 10 mart kuni Koson tuman IIB xodimlari tomonidan tumanning “Paxtazor” MFYda yashovchi fuqaro B.S.ning xonadonidagi xo‘jalik xonalari ko‘zdan kechirilganida bir bosh eshakni so‘yib, go‘shtini suyaklaridan ajratib qo‘yganligi, hovlisida esa yana 24 bosh eshak borligi aniqlangan.

Fuqaro B.S.ning yashash xonadonidagi xo‘jalik xonasida bo‘lgan 1 bosh eshakning lahm go‘shtlari tegishli tartibda viloyat IIB JTSB Karantin tadbirlarini ta’minlash bo‘linmasi, tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.

Koson tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi tomonidan ashyoviy dalil sifatida olingan go‘sht mahsulotlari laboratoriyada tekshirilganda iste’molga yaroqsiz ekanligi ma’lum bo‘lgan. Go‘sht mahsulotlari xolislar ishtirokida yo‘q qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Koson tuman IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shu o‘rinda, keyingi paytlarda viloyatda eshak so‘yib go‘shtini sotayotgan oxiratini o‘ylamagan, nafs yo‘lida vijdonini sotayotgan kimsalar haqidagi xabarlar tez-tez tarqala boshladi. Nega? Demak ushbu “mahsulot”ga yashirin bo‘lsa-da talab bor. Haqli savol tug‘iladi xo‘sh, ushbu go‘shtlar qayerlarga jo‘natiladi? Nimaga ishlatiladi? Ichki ishlar organlarining rasmiy sahifalarida berilayotgan munosabatlarda faqatgina aybdorning ushlangani va tergov harakatlari olib borilayotgani ta’kidlanadi, lekin undan keyingi voqealar to‘g‘rirog‘i ushbu “mahsulot”ning xaridorlari haqida biror ma’lumot berilmaydi. Shu ma’lumotlar ham ommaga ochiqlansa, bu kabi jinoyatlar kamaygan bo‘larmidi... Viloyat ichki ishlar boshqarmasidan ushbu holat bo‘yicha aniqlangan boshqa muhim ma’lumotlarni ham kutib qolamiz.

O‘lmas Barotov, O‘zA