Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda yana bitta to‘quv fabrikasi ish boshladi
17:15 / 2023-12-21

Qashqadaryo viloyati paxta xomashyosini yetishtirish borasida respublikada yetakchi o‘rinlarda turadi. Keyingi yillarda viloyatda ushbu mahsulotni chuqur qayta ishlash masalasiga alohida etibor qaratilmoqda. Buning natijasida o‘nlab yirik istiqbolli loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda yengil sanoatni yanada rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish va ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. 

Xususan, viloyatning Yakkabog‘ tumanida “Rus-Dost tekstil” MCHJ tomonidan qiymati 6 million 800 ming yevroga teng yana bitta tayyor to‘quv mato ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amaliyotga tatbiq etildi. 

– 2022 yilda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlardan foydalanib, tijorat banklaridan 4 million 400 yevro kredit olib, Belgiyadan 40 ta to‘quv dastgohi olib kelindi, – deydi korxona ish yurituvchisi Faxriddin Azizov. – Bugungi kunda dastgohlarimiz to‘liq o‘rnatilib, joriy yilning oktyabr oyidan faoliyatimizni boshladik. Bir yillik ishlab chiqarish quvvatimiz 8 million pogonametr. Ishlab chiqargan mahsulotimizning 80 foizi eksportga mo‘ljallangan, 20 foizi esa ichki bozorga sotiladi. Hozircha Turkiya va Rossiya davlatlari bilan eksport kelishuviga erishganmiz. Nasib etsa, dekabr oyining oxirida Rossiyaga dastlabki eksportimizni amalga oshiramiz. 

Loyihaning umumiy quvvati 6 million 800 ming yevrodan iborat. Shundan 4 million 400 yevro bank krediti, 2 million 400 ming yevro tashabbuskorlar hisobidan. Korxonada viloyatda yetishtirilgan paxta xomashyosidan tayyorlangan ip kalavadan paplin, satin, gabardin kabi yevrostandartga mos eni 2,20 va 2,80 santemetrlik o‘lchamdagi 14 xil turdagi matolar to‘qiladi. 

[gallery-15147]

– Aslida kunlik ishlab chiqarish quvvatimiz 16 ming pogonametr, – deydi F.Azizov. – Hozirgi kunda kunlik quvvatimiz 6 mingdan 8 ming pogonametrga chiqdi. Ishni yaqinda boshladik. Endigina ikki oy bo‘ldi. Hozir 60-65 foiz ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lganmiz. Nasib bo‘lsa, yanvar oyidan boshlab 80-85 foiz quvvatda ishlay boshlaymiz. Hali rejalarimiz ko‘p. Keyingi yilda loyihamizning ikkinchi bosqichi – 100 o‘rinli tikuv fabrikasi tashkil etishni maqsad qilganmiz. Ya’ni o‘zimiz to‘qiyotgan matolarni bo‘yatib, undan kiyim-kechak tikishni yo‘lga qo‘yamiz. 

Ushbu istiqbolli loyihaning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi va ularga asosan hududdagi “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar jalb etildi.

– Shu kungacha ishsiz edim, – deydi yakkabog‘lik Dilnoza Xurramova. – Hududimizda mana shunday yirik to‘quv fabrikasining faoliyat boshlagani men kabi ishsiz ayollar uchun ayni muddao bo‘ldi. Fabrika yaqinimizda. Ishchilarga yaratilgan sharoitlar yaxshi. Oylik maoshlari vaqtida berilmoqda. Oila byudjetiga hissamiz qo‘shilayotganidan minnatdormiz. 

Albatta, bu kabi yirik korxonalarning ishga tushishi nafaqat ishsiz aholi bandligini ta’minlash, balki o‘zimizda yetishtirilayotgan paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash va eksport salohiyatini oshirish imkoniyatini yaratadi. 

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari