Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda yana bitta tikuvchilik fabrikasi ish boshladi
22:25 / 2021-10-22

Qashqadaryo viloyati Koson tumanida “Koson Baxt tekstil” MCHJning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev joriy yil yakuniga qadar viloyatda yana umumiy qiymati 75,3 milliard so‘m bo‘lgan 4 ta shu kabi yangi korxona ishga tushirilishini ta’kidlagandi.

Mana shu korxonalardan biri Qarshi tumanida faoliyat yuritayotgan “Qarshi Agro klaster” MCHJga qarashli “Iyman tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham ishga tushdi.

Ta’kidlash lozimki, Qarshi tumani paxta xomashyosini yetishtirish salohiyati bo‘yicha viloyatda eng yetakchi tumanlardan biri sanaladi. Tumanda yiliga 49,9 ming tonna paxta yetishtirilib, viloyat bo‘yicha yig‘ib olinadigan paxta xomashyosining 11,5 foizini tashkil etadi.

Ushbu tikuvchilik fabrikasi qurilish ishlariga tadbirkor tomonidan 12,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, foydalanishga topshirildi. Yiliga 3 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega ushbu kompleksda tumanning 360 nafar xotin-qizi doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlandi va ularning aksariyati “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolardir.

[gallery-4371]

- Loyihamiz 4 bosqichli bo‘lib, bugun tikuvchilik sexini ishga tushirdik, - deydi korxona rahbari Sanjar Karolov. 

– 2023 yigacha ip yigiruv, to‘quv va yog‘ ishlab chiqarish sexlari ham tashkil etiladi. Shunda loyiha to‘liq amalga oshirilgach 2 mingtadan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi. Ushbu tikuvchilik seximizda trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. Kelgusida o‘zimizda yetishtirilgan paxta xomashyosini to‘liq qayta ishlashni rejalashtirganmiz. Maqsad, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni to‘liq eksportga yo‘naltirishdir.

Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda “Qarshi Agro klaster” MCHJ klaster korxonasiga Qarshi tumanidan 7 ming gektar yer biriktirilgan va mana shu yerlarda ishlayotgan fermer xo‘jaliklari bilan paxta yetishtirish bo‘yicha shartnomalar qilingan. 

Bundan tashqari tumanda faoliyat yuritayotgan 3 ta paxta-to‘qimachilik klaster korxonalari tomonidan kelgusi yil yakuniga qadar qiymati 839,3 milliard so‘mlik 9 ta yengil sanoat yo‘nalishidagi yirik loyihalar amaliyotga tatbiq etilib, 3,3 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallanmoqda.

Tadbirda viloyat hokimi Z.Mirzayev ishtirok etdi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA