Qashqadaryoda xavfsiz turizmni taʼminlash uchun maxsus avtomobillar ajratildi
Turizm sohasi har qanday mamlakatning milliy iqtisodiyotiga salmoqli ulush qoʻshishishi xalqaro eʼtirof etilgan haqiqatdir.
Turizm sohasi har qanday mamlakatning milliy iqtisodiyotiga salmoqli ulush qoʻshishishi xalqaro eʼtirof etilgan haqiqatdir.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, sohada xavfsizlikni va sayyohlar xavfsizligini taʼminlash turizmning rivojlanishiga hamda sayyohlar oqimining oʻsishiga bevosita taʼsir koʻrsatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-noyabrdagi “Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan “2017-2020-yillarda Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni taʼminlash konsepsiyasini amalga oshirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlangan. Mazkur dasturning 19-bandiga koʻra, tezkor va maxsus tadbirlar davomida xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari tomonidan foydalanish uchun maxsus vositalar bilan jihozlangan “ISUZU” avtobusi bilan taʼminlash koʻrsatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi “Transport va turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini taʼminlashning samarali tizimini joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 10-bandiga koʻra, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari turizm obyektlari va infratuzilmasi hududida jamoat xavfsizligini taʼminlash faoliyatini moddiy-texnik mustahkamlash maqsadida mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalariga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 3 tadan yengil avtomobil, 5 tadan skuter va 5 tadan mototsikllarni bir martalik xarid qilish va ajratish choralarini koʻrishi belgilangan.
Yuqoridagi normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlash maqsadida Qashqadaryo viloyati IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2 dona “ISUZU” avtobuslari Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan 3 dona yengil avtomobillar bilan taʼminlandi. Mazkur avtomobillar xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari transport vositalarining svetografik sxemalari, maxsus yorugʻlik va tovush signallari beruvchi moslamalar bilan jihozlanib, xizmat faoliyatida foydalanib kelinmoqda.
Xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan bu kabi amaliy chora-tadbirlar turistlar xavfsizligini taʼminlashga katta hissa qoʻshib, mamlakatimizning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.