Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida umummilliy birdamlik festivali bo‘lib o‘tdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Mahallalar uyushmasi, Qashqadaryo viloyat hokimligi va boshqa bir qator mas’ul tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan festivalda siyosiy fanlar doktori, professor Narzulla Jo‘rayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Mo‘minova, O‘zbekiston xalq artisti Mansur Toshmatov, xizmat ko‘rsatgan artist Hamid Toshpo‘latov, taniqli xonandalar, el suygan aktyorlar hamda ma’naviyat sohasi vakillari viloyatning Mirishkor, Kasbi, Koson, Qarshi tumanlari hamda Qarshi shahrida bo‘lib, aholi bilan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan fuqarolar xonadonlariga tashrif buyurib, ularni bayram bilan qutlashdi.
[gallery-24738]
Taniqli san’atkorlar ishtirokidagi chiqishlar barchaga birdek zavqu shavq ulashdi.
– Festival doirasida 70 ta mahallada turli xayrli tadbirlar o‘tkazildi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari, senator Komila Karomova. – Ayniqsa, “Inson qadri” loyihasi davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari, “Kitob marafoni” doirasida Mirishkor tumani axborot-kutubxona markazi hamda yoshlarga 400 dan ortiq badiiy adabiyotlar tarqatilgani e’tiborga loyiq. “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan gala konsert aholini bir maqsad yo‘lida jamlashda ahamiyatli bo‘ldi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri