Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Qashqadaryo viloyatidagi sho‘’basiga “K.T.I.” MCHJ rahbari tomonidan soliq organi o‘tkazgan tekshiruv natijalaridan norozilik bildirib murojaat qilindi.
Murojaat asosida o‘tkazilgan o‘rganish davomida Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi tomonidan jamiyat faoliyatida o‘tkazilgan soliq auditida qonun talablariga rioya etilmagani aniqlandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-sentabrdagi PQ–374-son qarori bilan tasdiqlangan “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablari qo‘pol ravishda buzilgan.
Qayd etilishicha, soliq auditi yakuniga ko‘ra jamiyatga 430 million 519 ming 200 so‘m miqdorida qo‘shimcha soliq hisoblangan hamda 86 million 103 ming 840 so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilgan. Biroq o‘rganish jarayonida mazkur hisob-kitoblar noto‘g‘ri amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2412-moddasiga muvofiq, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, shuningdek, qonunga xilof ravishda tekshiruv tashabbusi bilan chiqish yoki uni o‘tkazish uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Shundan kelib chiqib, davlat soliq bosh inspektori Sh.Q.ga nisbatan Vakil devonining Qashqadaryo viloyatidagi sho‘’basi tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Tadbirkorning huquq va qonuniy manfaatlari tiklanishi natijasida Qarshi tumanlararo ma’muriy sudining 2026-yil 15-yanvardagi hal qiluv qarori bilan soliq organining qarori haqiqiy emas deb topildi. Shu tariqa tadbirkorga noto‘g‘ri hisoblangan jami 516 million so‘mdan ortiq soliq va jarima bekor qilindi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur holat tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilishda qonun ustuvorligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor ko‘rsatdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri