Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanmoqda
15:51 / 2025-11-11

Yoqilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan talab va ehtiyojni qondirish, aholiga tabiiy gaz yetkazib berish sifatini oshirish, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish ayni kundagi dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Bu borada “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti  filiali tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

– Bugungi kunda mamlakatimizda yoqilg‘i energetika resurslariga bo‘lgan talab va ehtiyojni o‘sib borishini inobatga olgan holda mavjud resurslardan samarali foydalanish, iste’mol madaniyatini yanada oshirish, tabiiy gazdan maqsadli va oqilona foydalanish maqsadida keng qamrovli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda, – deydi “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti filiali direktori Ulug‘bek Ernazarov. – Bugungi kunda iste’molchilarga joriy yil boshidan 600 million kub metr tabiiy hamda 73 ming tonna suyiltirilgan gaz yetkazib berildi. Shuningdek, iste’molchilar bilan o‘zaro hisob-kitoblarda inson omilini cheklash maqsadida viloyatdagi barcha tabiiy gaz iste’molchilari ASKUG tizimi bilan to‘liq qamrab olingan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida  790,6 mingta, shundan 200 mingta tabiiy va 590 mingta suyultirilgan gaz iste’molchilari mavjud. Ularga kuz-qish mavsumida barqaror tabiiy gaz yetkazib berish maqsadida 24,8 kilometr tabiiy gaz tarmoqlari va 136 dona gaz taqsimlash qurilmalari mukammal ta’mirlanib, rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, 48,5 kilometr gaz tarmoqlari havo bosimi yordamida tozalandi hamda yerosti gaz quvurlarining 388,6 kilometr qismi maxsus uskuna yordamida tekshirilib, 296,3 kilometr gaz quvurlari bo‘yoqlandi. Natijada 27 ming 818 nafar aholi iste’molchilarning tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi. 

Iste’molchilarni tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash hamda texnologik yo‘qotishlarning oldini olish maqsadida Qarshi tumanida zamonaviy gaz taqsimlash stansiyasining foydalanishga topshirilgani imkoniyatlarni kengaytirdi. 

– Oldin bu yerda kichik stansiya mavjud bo‘lib, 14 ming aholi hamda 85 ta ulgurji iste’molchiga beriladigan tabiiy gaz iste’moli hisob kitobi bitta gaz hisoblagich orqali amalga oshirilgan, – deydi Qarshi tuman gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi Asadulla Kubayev. – Bu esa ko‘plab yo‘qotishlarga sabab bo‘lgan. Yangi stansiya orqali hududlarni alohida hisob kitob qilish imkoniyati yaratildi. Hududlar 8 ta yirik tarmoqlarga ajratilib,  gaz sarfi alohida hisob kitob qilinadigan bo‘ldi. Har bitta tarmoqda gaz sarfini hisoblash uskunalari hamda taqsimlash punktlari mavjud. Buning natijasida yo‘qotishlarning oldi olindi, bir me’yordagi tabiiy gaz taminoti yo‘lga qo‘yildi. 

Qarshi tumanidagi Kat mahallasida bir necha yildan buyon tabiiy gaz ta’minotida muammolar mavjud edi. Bugungi kunda hududga boruvchi yer osti tarmog‘ining yaroqsiz ahvolga kelib qolgan qismi foydalanishdan to‘xtatilib, yer ustki qismidan uzunligi 1 ming 110 metr yangi gaz quvuri tortildi. Ta’minot uch bosqichdan ikki bosqichga o‘tkazilib, hisoblagichlar yoniga bosim rostlagich o‘rnatildi. Natijada 425 ta xonadonning tabiiy gaz  ta’minoti yaxshilanishiga erishildi.

Shuningdek, Koson tumanidagi Mesit mahallasida  523 ta tabiiy gaz iste’molchilari mavjud. Hudud gaz uzatish stansiyadan uzoq masofada joylashganligi hamda yer osti gaz quvuri yaroqsiz ahvolga kelib qolganligi tufayli tabiiy gaz taminotida muammolar yuzaga kelayotgan edi. Joriy yil 1 kilometr 800 metrlik gaz quvuri tortildi. Ayni paytda ushbu quvurni asosiy tarmoqqa ulash ishlari olib borilmoqda. 

Bundan tashqari, Yakkabog‘ tumanida bunyod etilgan Yangi O‘zbekiston massivida ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy ob’ektlar to‘liq gazlashtirilib, ming kilometrdan ortiq gaz quvurlari tortib kelindi.

Shuningdek, Qarshi tumanida qurilayotgan Yangi O‘zbekiston massiviga ham 1,8 kilometr gaz tarmog‘i tortilib, 1 ta yuqori bosimli gaz taqsimlash punkti bunyod etildi.

Yana bir e’tiborli jihat, viloyatdagi 191,8 mingdan ortiq aholi xonadonlari ASKUG tizimi bilan to‘liq qamrab olindi va 88,9 ming turar joylarning gaz ta’minoti 2 bosqichliga o‘tkazilib, texnologik yo‘qotishlar hajmi 826,9 ming kub metrga qisqartirildi. 2025 yil yanvar-sentyabr oylari davomida jami 62,4 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilindi. Tuman va shaharlar 35 ta yirik hududlarga ajratilib, 61 ta hisoblagich va 61 ta modem qurilmalari o‘rnatildi va “onlayn” monitoring qilish imkoni yaratildi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri