Bu haqda Qashqadaryo viloyati sudining raisi Abduqayum Mahkamov jurnalist va blogerlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ta’kidlab o‘tdi.
Qayd etilishicha, viloyatda faoliyat yuritayotgan sudlar tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida chiqarilgan jami 868 milliard 117 million 385 ming 243 so‘mlik 66 ming 958 ta yoki 60,2 foiz sud qarorlarining ijrosi ta’minlanmagan.

Haqli savol tug‘iladi: 60 foizdan ortiq sud qarorlarining ijrosi ta’minlanmagani mustaqil hokimiyat hisoblangan sud organlarining qarorlar chiqarishda xatoga yo‘l qo‘yayotganini anglatadimi yoki ijro organlari sustkashlikka yo‘l qo‘yganmi?

Ushbu holatni A.Mahkamov bugungi kundagi ijro organlarining loqaydligi, ilgarigi amaliyotda bunday holat umuman kuzatilmagani bilan izohladi.

Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyida viloyatdagi sud organlarining 9 oylik faoliyati tahlil qilindi va sudyalarning axborotlari eshitildi. Unda OAV vakillariga amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri