French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda sel-toshqin mavsumiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi
11:21 / 2026-02-21

Qashqadaryo viloyatida 2026-yilda sel-toshqin va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan aholi hamda hududlarni muhofaza qilish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Favqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy boshqarmasi, Gidrometeorologiya xizmati hamda Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish xizmati vakillari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Ma’lum qilinganidek, ishchi guruhlar tomonidan gidrografik tamoyil asosida sel, toshqin va ko‘chki xavfi yuqori bo‘lgan hududlar o‘rganib chiqilib, xavfli zonalarda 160 ta xo‘jalikda 744 nafar fuqaro istiqomat qilayotgani aniqlandi.

Aholining xavfsizligini ta’minlash maqsadida tuman hokimliklari hamda mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda 30 ta maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilib, 76,7 ming kub metr tuproq, 141,5 ming kub metr qum-shag‘al va 23,8 ming kub metr beton ishlari bajarildi. Shuningdek, 111 kilometrdan ortiq ichki ariq va magistral kanallar tozalandi.

Ko‘rilgan muhandislik muhofaza tadbirlari natijasida viloyatda 82 ta xo‘jalikda yashovchi 331 nafar fuqaro hamda 2 ta ijtimoiy soha ob’ekti sel-toshqin suvlaridan to‘liq muhofaza qilindi. 2025-yilda esa yig‘ma manzilli dastur asosida 6 ta suv ob’ekti uchun 9 milliard 250 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Anjumanda 2026-yil uchun rejalashtirilgan ustuvor vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, sel va ko‘chki xavfi mavjud hududlarni aerovizual o‘rganish ishlari davom ettiriladi, shuningdek, Dehqonobod, G‘uzor, Qamashi, Chiroqchi, Ko‘kdala, Yakkabog‘, Shahrisabz va Kitob tumanlarida 24 soatlik “Tezkor shtab”lar tashkil etiladi.

[gallery-27789]

Mavsum davomida xavfli hududlarga kirishni cheklash maqsadida 18 ta nazorat-kuzatuv posti faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, 2026-yilgi yig‘ma manzilli dastur doirasida 14 ta ob’ektda amalga oshiriladigan ishlar natijasida 116 ta xo‘jalikda yashovchi 415 nafar fuqaro sel-toshqin xavfidan muhofaza qilinadi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA