Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda qadimiy qishloq xarobalari topildi
16:27 / 2023-08-22

Samarqand arxeologiya instituti ikkinchi bosqich doktaranti Dilmurod Omonov boshchiligidagi ilmiy ekspeditsiya a’zolari Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi Xo‘ja Rushnoiy qabristonining orqa tomonida qazishma ishlarini olib bordi va XIV asrga oid qadimiy qishloq xarobalarini topdi.

Ushbu xabarni eshitganimiz hamon o‘sha manzilga otlandik. Katta yo‘ldan o‘ngga burilgach qum barxanlariga to‘la biyday cho‘l bizni qarshi oladi. Ammo cho‘l archasi atalmish yam-yashil saksovulzorlar borliqqa ajoyib husn bag‘ishlagan. 

Katta yo‘ldan 2-3 daqiqalik masofani bosib o‘tgach manzilga yetdik. Ekspeditsiya rahbari Dilmurod Omonov bizni qarshi oldi. Ikki uchta tepalikda arxeologlar qazish ishlarini olib borayotgan ekan. Ish qizg‘in. Atrofda pastqam tepaliklar ko‘p. Yosh arxeologning ta’kidlashicha, ularning har biri bitta xonadon bo‘lgan. Yurtimizda tarixiy manzillar juda ko‘p, ammo qadimiy qishloq xarobalari hozircha yagona, aynan biz turgan manzil ekan.  

[gallery-13212]

– Ushbu manzildan topilgan osori-atiqalar obidaning 13-asr oxiri va 14-asrga taalluqli ekanligini ko‘rsatib turibdi, – deydi arxeolog D.Omonov. – Bu esa O‘rta Osiyoda chig‘atoylar hukmronligining tugashi va temuriylar davrining boshlanishiga to‘g‘ri keladi. Chunki qazishma ishlari davomida topilgan temuriylar davriga xos tangalar shundan darak berib turibdi. O‘lkamizda ko‘plab arxeologik manzillar bor, ammo qadimiy qishloq xarobasi ilk bor shu yerdan, Qashqadaryodan topildi. Bundan tashqari, hunarmandchilik ustaxonasi, qalamdon va ko‘plab sopol buyumlar ham topildiki, ular bu manzilda yashagan odamlarning ziyoli va hunarmand bo‘lganidan darak beradi.    

E’tibor qilib qaralsa to‘xtagan manzilimiz Qarshi-Buxoro magistral yo‘lidan uncha uzoq bo‘lmagan masofada joylashgan. Ajabmas qadimda ham ushbu hududdan Buxorodan Qarshiga qarab harakatlangan karvon yo‘llari o‘tgan bo‘lsa.  

 – Qazishmalar vaqtida xonadonlarda “dashnov”lar ya’ni maxsus yuvinish joylari ham topildi, – deydi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimi Sanjar Abdurahimov. – Ular yuksak mahorat bilan xona polidan 70-80 santimetr balandlikda, xonaning burchagida qurilgan. Ustiga 22x22 o‘lchamli, qalinligi 3,5-4 santimetrli pishgan g‘isht yonma-yon terilgan, hozirgi zamonaviy kafellar kabi. Ostiga sopol quvurlar o‘rnatilib, suvi tashqariga chiqib ketadigan qilingan. Hozirgacha ular yaxshi saqlanib qolgan ekan. Hozircha biz 3-4 ta manzilni ochdik. Ularning asosiy qismi loy guvaladan yasalgan yashash xonadonlari bo‘lgan. O‘choq, uy ichidagi supalar, dashnovlar shunga ishora qiladi. Qishloqning umumiy maydoni 600x400 metrni tashkil qiladi.  

Ekspeditsiya a’zolarining ta’kidlashicha, ushbu qishloq qadimda gullab yashnagan manzil bo‘lgan. Bu yerda karvonsaroylar qoldiqlari ham bo‘lishi mumkin. Boisi ushbu tarixiy manzildan uncha uzoq bo‘lmagan masofada qadimiy Zanjirsaroy shahar xarobalari ham joylashgan. Qancha muddat bu yerda odamlar yashagani ma’lum emas, lekin qishloqni dushmanlar tomonidan bostirilishi va o‘t qo‘yilishi oqibatida bu yerda hayot to‘xtagan. Chunki qazish ishlari vaqtida ikki-uch qatlam kul qoldiqlari va yog‘ochga qadalib qolgan kamon o‘qi uchlari topilgan.  

Tarixning biz bilmagan sir-asrorlari juda ko‘p. Ularni ochiqlash va ajdodlarimizning o‘tmishidan xabardor bo‘lish va kelajak avlodga yetkazish azaliy burchimizdir. O‘lkamizning hali o‘rganilmagan obidalari ko‘p. Bu yo‘lda issiqni-issiq, sovuqni-sovuq demay fidoyilik bilan mehnat qilayotgan arxeologlar ishiga muvaffaqiyat tilaymiz.  

 

O‘lmas Barotov,  

Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.