English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
19:28 / 2021-06-03

Bu haqda Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyida Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan jurnalist va blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

bugungi kun holatiga ko‘ra, viloyatda mavjud 13 ming 151 ta fermer xo‘jaligidan 11 mingtadan ortig‘ining yer maydonlari bo‘yicha barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, ArcGIS dasturi orqali elektron xaritalari yaratilib, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun «Yagona ko‘chmas mulk bazasi» dasturiga kiritildi.

Shundan, 1030 ta (7,8 foiz) fermer xo‘jaligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, qolgan fermer xo‘jaliklariga foydalanishda bo‘lgan yer uchastkasiga oid huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni so‘rab ogohlantirish xati yuborilgan.

«Yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun ajratilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish» uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2,5 baravari, ya’ni 612 ming 500 so‘m miqdorida to‘lov undiriladi.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organga yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravari (735 000 so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa – uch baravaridan besh baravari (1 225 000 so‘mgacha) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Davlat kadastrlari palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan 5 ming 386 ta yakka tartibdagi turar joy, 1930 ta ko‘p qavatli uylarda joylashgan xonadon, 1708 ta yakka tartibdagi turar joy qurish uchun berilgan yer uchastkasi, 1165 ta noturar joy bino inshooti, 1708 ta noturar joy ob’ektini qurish uchun yer uchastkasi, yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan 6 ta yakka tartibdagi turar joy, 33 ta ko‘p qavatli uylarda joylashgan xonadon, 977 ta noturar joy bino inshooti, 50 ta noturar joy ob’ektlarini qurish uchun yer uchastkasi va 1102 ta ko‘chmas mulkka oid tuzilgan ipoteka va 185 ta ijara shartnomalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

O‘lmas Barotov,  O‘zA