Bugun taraqqiyot shiddat bilan odimlamoqda. Raqamli texnologiyalar har bir sohaga tatbiq etilmoqda. Buni ta’lim tizimida ham ko‘rish mumkin.
Masalan, biz o‘qigan paytlarda maktabimizning eski laboratoriyasida ayrim qismlari sinib tushib ketgan yasama odam skeleti, kimyo, fizikaga oid bir nechta ishlamay qolgan uskunalar, fanlarga tegishli plakatlardan boshqa hech narsa yo‘q edi. Endilikda esa raqamli texnologiyalar orqali virtual laboratoriyalar ta’limda qo‘llanila boshlanmoqda. Meta Quest 3 ko‘zoynaklari orqali, masalan tarix fani o‘tilayotgan bo‘lsa, darslikda keltirilgan tarixiy shaharlarga bevosita sayohat qilish mumkin. Biologiya darsida esa odam organizmi bilan jonli tanishish imkonini beruvchi tasvirlarni ko‘rish mumkin. Xullas bu yog‘i taraqqiyot.
Kelgusida Qashqadaryo viloyatidagi maktablarda ham xuddi mana shunday virtual laboratoriyalar tashkil etilishi mumkin. Lekin eng avvalo bu turdagi raqamli texnologiyalarni o‘quvchilarga o‘rgatuvchi pedagog xodimlarni tayyorlash lozim. Viloyat pedagogik mahorat markazi tashabbusi bilan OAV vakillari uchun tashkil etilgan press-turda bu haqda batafsil ma’lumot berildi.
Markazning metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limi kimyo fani metodisti Marvarid Ergashevaning “Fanlar yo‘nalishida virtual innovatsion texnologiyalarning qo‘llanilishi” mavzusidagi taqdimoti ayni shu mavzuga bag‘ishlandi.
Virtual laboratoriya – bu o‘quvchilarga haqiqiy laboratoriya muhitida ishlash imkonini beruvchi dasturiy ta’minot. O‘quvchilar virtual o‘quv muhitida simulyatsiyalar orqali tajribalarni amalga oshiradi, ma’lumotlarni tahlil qiladi va natijalarni o‘rganadi.
Interaktiv dasturiy vositalar o‘quvchilarni digital ta’limga jalb qilish, onlayn darslarni tashkil qilish va o‘quv jarayonlarini yanada qiziqarli qilish imkonini beradi. Shuningdek, o‘quvchilarni baholashni osonlashtiradi va o‘qituvchilarga o‘qish jarayonini yaxshilashga yordam beradi.
Virtual laboratoriyalarning afzalliklari xavfli kimyoviy moddalar bilan ishlashning hojati yo‘q, xavfsiz amaliyot o‘tkazish imkoniyati bor, an’anaviy laboratoriya uskunalariga qaraganda ancha arzon. Har qanday vaqtda va joyda foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lib, atomlar hamda molekulalarning o‘zaro ta’sirini katta o‘lchamda kuzatish mumkin. Ko‘proq tajriba o‘tkazish, natijalarni tezroq olish imkoniyatini beradi.
– O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tashabbusi bilan mazkur innovatsion texnologiyalardan qanday foydalanish bo‘yicha yangi va samarali darslarni tashkil etish imkoniyati mavjud, – deydi Marvarid Ergasheva. – Virtual laboratoriya, nafaqat fizika, kimyo, biologiya darslarini, balki barcha darslarni 3D va 4Ye modellar hamda simulyatsiyalar orqali yanada aniq va tushunarli bo‘lishga xizmat qiladi. Shunday ekan virtual laboratoriya faqatgina bir dasturiy ta’minot emas, balki yangi bilimlar, kashfiyotlarga yo‘l ochuvchi innovatsion dunyodir.
Hozirda markazga 16 dona mana shunday Meta Quest 3 ko‘zoynaklari keltirilgan va ushbu yo‘nalish bo‘yicha poytaxtda tajriba orttirib kelgan mutaxassislar viloyatdagi maktablarning pedagog xodimlariga o‘z tajribalarini ulashmoqda. Loyihaning keyingi bosqichlarida barcha maktablarda mana shunday virtual laboratoriyalar tashkil etiladi va ushbu yo‘nalishda mahoratini oshirgan pedagog xodimlar o‘quvchilarga ta’lim tarbiya berishi mo‘ljallangan.
Press-tur davomida OAV vakillari markazda mazkur uskunalar bilan jihozlangan o‘quv xonasi bilan ham bevosita tanishib, virtual dunyoga ma’lum muddat sayohat qildi.
Shuningdek, tadbir davomida davlatimiz rahbarining 2024 yil 30 sentyabrdagi tegishli farmoniga asosan markaz balansiga berilgan uzoq va chekka hududlarida joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan auditoriya ko‘rinishida, quyosh panellari bilan jihozlangan avtobus bilan ham tanishildi. Tajriba-sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilgan mazkur avtobus orqali bugungi kunda reja grafik asosida viloyatning Koson, Mirishkor, Dehqonobod va Shahrisabz tumanlarining chekka hududlarida joylashgan nodavlat hamda davlat ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun mobil malaka oshirish kurslari tashkil etib kelinmoqda.
[gallery-22914]
Ma’lumot o‘rnida, hozirgi kunda viloyat pedagogik mahorat markazida 57 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ulardan 2 nafari fan doktori (DCc), 12 nafari falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega. 2025 yilda jami 11 ming 893 nafar rahbar, pedagog va xodimlar malaka oshirish kurslariga jalb etilishi rejalashtirilgan.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari