Viloyatning Kitob tumanidagi 96-maktabning 11-sinf bitiruvchilari joriy o‘quv yilida ta’lim sohasida yuqori natijalarga erishdi.
Bu haqda Kitob tuman hokimligi axborot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, maktab bitiruvchilari tomonidan jami 172 ta xalqaro va milliy sertifikat qo‘lga kiritilgan. Bu esa o‘quvchilarning fanlar bo‘yicha bilim darajasi va zamonaviy ta’lim dasturlarini o‘zlashtirishda faol ishtirok etayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, 6 nafar o‘quvchi SAT xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritib, xorijiy oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Mazkur sertifikat xalqaro universitetlarga qabul jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.

Eng e’tiborlisi, maktabning 50 nafar bitiruvchisi muddatidan oldin talaba bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan. Ular turli oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli tarzda qabul qilinib, o‘z ta’limini oliy bosqichda davom ettirish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi natijalar ta’lim muassasasida o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, o‘qituvchilarning fidokorona mehnati hamda o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan intilishi natijasidir.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri