Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda joriy yilning o‘tgan davrida o‘g‘rilik bilan bog‘liq jinoyatlarning o‘sishi kuzatilgan
19:07 / 2025-04-26

Bu haqda Qashqadaryo viloyat sudida OAV vakillari uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida ta’kidlab o‘tildi.

Tadbir davomida viloyat sudi raisi Abduqayum Mahkamov va viloyat Ma’muriy sudi raisi G‘olibjon Davlatovning viloyat sudlarining joriy yilning birinchi choragi davomidagi faoliyati tahlili hamda sohaga oid muhim va dolzarb masalalarga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan davr mobaynida ayrim jinoyatlarning modda kesimida o‘sishi kuzatilgan. Masalan, o‘g‘rilik (JKning 169-moddasi) jinoyatlari 71 taga, qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘irlikda tan jarohati yetkazish (JK 104-105-moddalari) jinoyatlari 25 taga, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish (JKning 266-moddasi) jinoyatlari 22 taga, bezorilik (JKning 277-moddasi) jinoyati 12 taga, oilaviy zo‘ravonlik (JKning 1261-moddasi) jinoyatlari 12 taga, giyohvandlik bilan bog‘liq (JKning 270-276-moddalari) jinoyatlar 8 taga, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq (JKning 122-moddasi) jinoyatlar 8 taga, soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq (JKning 184-moddasi) jinoyatlar 4 taga, bosqinchilik bilan bog‘liq (JKning 164-moddasi) jinoyatlar 3 taga, odam savdosi (JKning 135-moddasi) jinoyatlari 4 taga, qasddan odam o‘ldirish (JKning 97-moddasi) jinoyatlari 2 taga ko‘paygan.

Shuningdek viloyatdagi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlarning ijrosi aksariyat holatlarda ta’minlanmasdan qolayotgani yuzasidan ham ma’lumotlar ulashildi.  

Xususan, bugungi kun holatida viloyatdagi sudlar tomonidan chiqarilgan jami 510 milliard 120 million 846 ming 56 so‘mlik 45 ming 109 ta yoki 70,6 foiz sud qarorlarining ijrosi ta’minlanmagan.

Ijro tizimi alohida tizim bo‘lgani bois viloyat sudi raisi ushbu holatga izoh bermadi.

Shundan so‘ng ishtirokchilar jinoyat ishlari bo‘yicha Kasbi tuman sudiga tashrif buyurdi va u yerdagi ish jarayoni, xususan, tergov sudyasi faoliyati, devonxona, sud arxivi, sud jarayoni faoliyati ko‘zdan kechirildi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri