Mamlakatimizda inson manfaatlari va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Jamiyat hayotining barcha jabhalarida ochiqlik, shaffoflik va qonuniylikni ta’minlashda jamoatchilik nazorati muhim omil sifatida e’tirof etilmoqda. Qashqadaryo viloyatida ham bu yo‘nalishdagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilgani kuzatilmoqda.
Shahrisabz shahrida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar shunga yaqqol misoldir. Viloyat hududiy birlashmasi raisi Shuhrat Tursunov va shahar jamiyati raisi Ziyodullaxon Muhammadiyev rahbarligida doimiy ravishda o‘tkazilayotgan monitoring tadbirlari aholining kundalik ehtiyojlari, xizmatlar sifati va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Jamoatchilik nazorati doirasida Shahrisabz davlat pedagogika institutida qator muhim masalalar o‘rganildi. Jumladan, o‘quv jarayonining sifati va samaradorligi, yotoqxonada talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, dars davomati, talabalarning qatnovi va xavfsizligi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, sanitariya va gigiyena talablariga rioya etilishi, obodonlashtirish va tozalik holati kabi yo‘nalishlar chuqur tahlil qilindi.

Ushbu jarayonlarda amal qilinayotgan qonunchilik, davlat standartlari va sohaviy me’yorlar asos qilib olindi. Ayniqsa, talaba-yoshlar uchun sog‘lom ovqatlanishni ta’minlash, yotoqxonadagi isitish tizimlari barqaror ishlashi, xizmat ko‘rsatish sifatining oshirilishi monitoringning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.

Ta’kidlash lozimki, bu jarayonlarda shahar xalq ta’limi bo‘limi va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ijobiy natijalar bera boshladi. Sohaviy qonunchilikda belgilangan tushuncha va talablarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha o‘tkazilgan targ‘ibot ishlari iste’mol madaniyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Shahrisabz shahridagi bu kabi amaliy ishlar aholining turmush sifati, bolalar va yoshlarning sog‘ligi hamda ta’lim olish muhitiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Jamoatchilik nazoratining kuchaytirilishi esa fuqarolar manfaatlarini ta’minlashda muhim mexanizm sifatida o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.

Hozirgi islohotlar jarayonida har bir sohada adolat, ochiqlik va mas’uliyat tamoyillarini amalda ta’minlash bugungi kunning ustuvor vazifasi. Qashqadaryoda yo‘lga qo‘yilgan ushbu tajriba esa boshqa hududlar uchun ham namuna bo‘la oladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri