Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda “Jadidlar izdoshlari” aniqlandi
17:01 / 2025-11-13

Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida “Ilmsiz inson mevasiz daraxt kabidur” deydi. Jadid bobolarimizning ilmu ma’rifat xususidagi bu kabi fikrlari va chaqiriqlari bisyor.

Bugun yetishib kelayotgan, iqtidorli va salohiyatli avlod qaysidir ma’noda ularning ilmu ma’rifat bobidagi ushalmagan orzu armonlarini ro‘yobga chiqarmoqda. Qobiliyatlarini namoyish etib, yutuqlarga erishib, mamlakat bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarmoqda.

“Jadidlar izidan” respublika tanlovining Qashqadaryo viloyat bosqichi ishtirokchilarining chiqishlari va o‘z iqtidorlari namoyishi ham yuqoridagi fikrlarimizni yana bir bor isbotladi. Buni tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan o‘quvchilar sonining o‘tgan yilga nisbatan ikki hissa oshganidan ham anglash mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy mavsumda tanlovning quyi bosqichlarida ishtirok etish uchun 40 ming nafardan ziyod o‘quvchi onlayn platforma orqali ro‘yxatdan o‘tgan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 24 ming nafardan oshiqroq bo‘lgan. 

– Jadid bobolarimiz ijodi va faoliyati bilan tanishar ekanman, ularni qaytadan kashf etdim, – deydi Nishon tumanidagi 18-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Ilhom To‘lqinov. – Bitta misol, Munavvarqori Abdurashidxonovning “Taraqqiy” gazetasining 1906 yil 14 iyundagi sonida chop etilgan “Bizni jaholat – jahli murakkab” sarlavhali maqolasini o‘qib juda ta’sirlandim. Unda o‘sha davr yoshlarining eskicha ta’lim olayotgani, dunyoviy bilimlardan bebahra qolayotgani, hatto ularni o‘qitayotgan muallimlarningda salohiyati haminqadar ekanligi haqida kuyunchaklik bilan fikr bildirilgan. Bolalarni o‘qitishni tizimga solish, diniy ilmlar bilan birga dunyoviy bilimlar berilishi, ularning xat savodini chiqarishda yangicha usullardan foydalanish lozimligi ta’kidlanib, barchani ma’rifatga chorlangan. Bugun tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etyapman. Nasib etsa, yuqori ballarni qo‘lga kiritib, respublika bosqichida ham munosib ishtirok etishni maqsad qilganman.

Bugun tanlovning viloyat bosqichiga start berildi. Tanlovning tuman, shahar bosqichida ikkita yosh toifasida g‘olib bo‘lgan jami 32 nafar o‘quvchi tanlovning viloyat bosqichida 3 ta shart asosida bellashdi. G‘olib bo‘lgan ikki nafar o‘quvchi tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

[gallery-26235]

Ta’kidlash lozimki, davlat rahbarining 2024 yil 15-16 fevral kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida “Jadidlar izidan” tanlovini teleko‘rsatuv shaklida yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha bergan topshiriqlariga asosan Respublika Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan sentyabr-dekabr oylari davomida uch bosqichli “Jadidlar izidan” respublika tanlovini o‘tkazish e’lon qilindi.

Ma’lumot o‘rnida, 2024 yilda o‘tkazilgan “Jadidlar izidan” tanlovining Respublika bosqichida Qashqadaryo viloyati Kitob tumani 4-maktab o‘quvchisi Jasmina Azimova To‘lqin qizi faxrli birinchi o‘rinni egallab, Germaniya ta’lim sayohatida bo‘lib qaytgandi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari