Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar sifatida oshmoqda
19:07 / 2024-01-25

Bu haqda Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Alisher Boboyev ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida batafsil to‘xtalib o‘tildi.

Bugungi kunda viloyatda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya, endokrinologiya, onkologiya va radiologiya, ftiziatriya va pulmonologiya, ko‘z mikroxirurgiyasi, epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar, ruhiy salomatlik, dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining viloyat filiallari, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Vohada ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Qashqadaryo filialida 2023 yil davomida respublika mutaxassislari bilan birgalikda 10 nafar bemorda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti amalga oshirildi.

Ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari viloyat filiallarida 134 nafar bemorga endoprotez qo‘yish, 94 nafarga neyrojarrohlik, 240 nafarga oshqozon-hazm tizimi, 33 nafarga urologik, 791 nafarga oftolmologik, 2 ming 133 nafarga kardiojarrohlik yo‘nalishida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.

Xususan, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy markazi Qashqadaryo mintaqaviy filialida oshqozon- ichaklarning rekonstruktiv operatsiyasi, oshqozon rezeksiyasi, xoletsistoektomiya, sistoektomiya, oshqozon va 12 barmoqli ichak yarasi teshilishini tikib qo‘yish, jigardan exinokokni olib tashlash, o‘tkir ichak o‘tkazmovchiligi singari operatsiyalar yo‘lga qo‘yilib, laporoskopik usulda 21 nafar bemorda jarrohlik amaliyoti bajarildi.

[gallery-15645]

O‘tgan yilda markazning qon tomir va ko‘krak qafas jarrohligi bo‘limida ilk bor “Eversion KEAE (Eversionnaya karotidnaya endarterektomiya)”, redressatsiya”, “Fibrotorraks”, “Flebektomiya” nomli yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, jami 22 ta operatsiya bajarildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy markazi Qashqadaryo filialida yuqori texnologik kardiojarrohlik amaliyotlari turi va soni yildan-yilga ko‘paymoqda. Xususan, yakunlangan yilda xorijdan va poytaxt klinikalaridan malakali kardiojarrohlarning 21 marotaba tashrifi tashkil etilib, 103 ta yuqori texnologiyali amaliyot o‘tkazildi. Jami 2 ming 167 ta operatsiya qilindi, shundan 1 ming 870 tasi yopiq, 297 tasi ochiq turdagi operatsiyalar hisoblanadi. Shundan 191 tasi tibbiy sug‘urta orqali bepul tashkil etildi. Jami 6 nafar shifokor Rossiya va Germaniyada malaka oshirdi.

2023 yilda “Bosh miya ichi arteriyasi (ichki uyqu arteriyasining C4 segmenti sohasi)ni stentlash”, “Kichik kesmalar orqali aorta koronar shuntlash amaliyoti”, “Kichik kesmalar orqali mitral klapan protezlash amaliyoti” singari jami 10 ta yangi turdagi operatsiya yo‘lga qo‘yildi. 

2024 yilda filialning 4 nafar mutaxassisini Niderlandiya, Hindiston va Rossiyaga malaka oshirishga yuborish, 7 turdagi yangi davolash usulini amaliyotga tatbiq etish ko‘zda tutilmoqda. 

2024 yil davomida viloyatda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni yanada rivojlantirgan holda amalga oshirilgan yuqori texnologiyali operatsiyalar sonini yanada oshirish kutilmoqda. Eng muhimi, bunday amaliyotlar endi viloyat markazidan olis tumanlarga ham ko‘chmoqda.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari