Qashqadaryoda IT sohasida faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ilk bor viloyat hokimi sovrini uchun “Ideathon” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Unga 212 nafar iqtidorli yoshlarning ishlanmalaridan 100 tasi tanlab olingan. Shundan 15 nafar ishtirokchining loyihalari munosib deb topilgan.
Tanlov g‘oliblari Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov va sektor rahbarlari ishtirokida taqdirlandi. G‘olib va nominatsiyalar egalari viloyat hokimligining statuetka, sertifikat va sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2019 yilning noyabr oyida IT shaharchasi qurilishiga ilk tamal toshi qo‘yilgan edi. Mana oradan 3 yil o‘tib, ushbu qisqa vaqt mobaynida soha bo‘yicha nafaqat Respublikada, balki chekka va olis hududlarda ham katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, viloyatning 15 ta shahar va tumanlarida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari ochilib, chekka hududlarda yashovchi yoshlarga ham IT sohasida bilim olishlari uchun imkoniyat yaratildi. Ushbu markazlarda 13 mingdan ortiq tinglovchilar o‘qitilgan bo‘lsa, shundan 80 foizi yoshlardir.
Viloyat rahbari g‘olib yoshlarni taqdirlar ekan, yoshlarga o‘rnak sifatida – IT sohasi bo‘yicha o‘qib, hayotda o‘z yo‘li va o‘rnini topgan kitoblik oddiy oila farzandi Alisher Tojiyev haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
[gallery-10073]
Ta’kidlash lozimki, Alisher Tojiyev hali 30 yoshga to‘lmagan. Lekin, mamlakatimizda eng nufuzli davlat idoralari saytlarini yaratgan. Hozirgi kunda IT sohasi bo‘yicha o‘zining kompaniyasiga ega. Yillik aylanma mablag‘i 10 million dollardan ziyod. 500 nafar yoshlar qo‘lida ishlaydi.
– Kelgusi yildan boshlab viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalari tomonidan har oyda kamida 5 tadan startaplarni inkubatsiya va akseleratsiya dasturiga taqdim etib borishni joriy qilamiz, – dedi viloyat rahbari. – Sifatli ishlab chiqilgan va istiqbolli loyihalar tanlab olinib, moliyalashtiriladi va hayotga tatbiq etiladi. Bu tizimni shaxsan rektorlarning o‘zlari nazorat qilib boradi. 2022 yilda 26 ta istiqbolli startap loyihalar ishlab chiqildi. Ulardan 7 tasiga 913 million so‘m mablag‘ ajratildi. Kelajakda jamiyatdagi dolzarb muammolarga yechim bo‘ladigan innovatsion, IT bilan integratsiyalashgan startap loyihalarni moliyalashtirish davom ettiriladi. bugungi tanlovda g‘olib topilgan loyihalar bilan o‘zim birma-bir tanishib chiqdim. Ishtirokchilar dolzarb muammolarni ko‘targan. Lekin muammoning ichiga yanayam chuqurroq kirishimiz kerak, startaplarni hayotga tatbiq etishda kamchiliklar bor. Kelgusi yil shu kabi tanlov va istiqbolli startap loyihalarni realizatsiyasiga 500 million so‘m mablag‘ ajrataman.
Joriy yil boshida IT-Parkning rezidentlari soni bor yo‘g‘i 3 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 21 taga yetdi. Eng quvonarlisi, viloyatda xalqaro eksport bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar soni 3 taga yetdi. Misol uchun, “MAAB Innovetion” MCHJ tomonidan xorijga xizmatlarni autsorsing qilish orqali 20 ming dollar eksport qilindi.
Viloyatda haqiqiy IT atmosferasini yaratish maqsadida Qarshi shahrining markazi IT-Park filiali binosi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, Qarshi shahar telekom tarmog‘i binosida 1,5 milliard so‘m investitsiya kiritilib, zamonaviy, masofaviy xizmatlar eksport markazi barpo etilmoqda.
Viloyat rahbarining ta’kidlashicha, 2023-2024 yillarda viloyatda bosqichma-bosqich, IT-school, BPO-school, IT-akademiya va IT-universitetlarni o‘zida qamrab olgan qiymati 15 milliard so‘m bo‘lgan IT-klaster tashkil qilinadi. Bu klasterda 2,5 ming nafardan ortiq yoshlar axborot texnologiyalari, aniq fanlar, logistika, autsorsing va chet tillaridan 130 nafardan ortiq eng malakali dasturchilardan tahsil oladi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.