Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda inklyuziv ta’lim va ijtimoiy himoya qamrovi kengaymoqda
12:25 / 2026-02-13

Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, xususan, imkoniyati cheklangan bolalar uchun teng ta’lim sharoitlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirib kelinmoqda.

Qashqadaryo viloyatida bu borada olib borilayotgan ishlar natijasida inklyuziv ta’lim muassasalari soni sezilarli darajada ortdi. Xususan, bir yil muqaddam 47 ta maktabda 106 nafar o‘quvchi inklyuziv ta’lim bilan qamrab olingan bo‘lsa, bugungi kunda bunday maktablar soni 167 taga, o‘quvchilar soni esa 578 nafarga yetdi. Bu ko‘rsatkichlar sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar samarasini namoyon etmoqda.

Nishon tumanidagi 3-sonli umumta’lim maktabida ham inklyuziv sinflar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur ta’lim muassasasida imkoniyati cheklangan o‘quvchilar uchun maxsus jihozlangan korreksion xona tashkil etilgan bo‘lib, defektolog-o‘qituvchi tomonidan ular bilan yakka tartibda mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Bu esa bolalarning bilim olishi va ijtimoiy moslashuvini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, mahalla ijtimoiy xodimlari va ta’lim muassasalari hamkorligida ehtiyojmand oilalar farzandlarini qo‘shimcha ta’lim va to‘garaklarga jalb etish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, 67 nafar o‘quvchi ingliz tili, matematika hamda shaxmat-shashka to‘garaklariga qamrab olingan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, ijtimoiy himoya va inklyuziv ta’lim tizimini kengaytirish orqali har bir bolaning sifatli ta’lim olishi, jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri