Bugun yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Shu maqsadda Qashqadaryo viloyatida ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar o‘quvchilari, shuningdek, hududlardagi nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar hamda san’at asarlarining inklyuziv auksion savdosi o‘tkazildi.


Auksion davomida 30 dan ortiq turdagi mahsulotlar savdoga qo‘yildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, jami 93,5 million so‘mlik mahsulotlar sotilib, bu mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ularning mualliflarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi.


Mazkur tadbir nogironligi bo‘lgan shaxslarning iqtidor va salohiyatini keng jamoatchilikka namoyon etish, ularning mehnatiga munosib baho berish hamda qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishlari uchun amaliy imkoniyat yaratgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.


Ta’kidlanganidek, viloyatda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday inklyuziv tadbirlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.
Tadbirda viloyat hokim M.Azimov ishtirok etdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri