Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi
17:43 / 2023-07-18

Aholining ichimlik suviga bo‘lgan talabi yildan-yilga oshmoqda. Aholi sonining ko‘payishi hisobiga tabiiy ravishda yuzaga kelayotgan ushbu muammoga yechim topish bugungi kunning muhim masalalaridan hisoblanadi.

Xususan, “Qashqadaryo suv ta’minoti” MCHJdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan besh yil davomida viloyatda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 43,4 foizdan 51,6 foizga yetkazilgan.

Markazlashgan suv ta’minoti asosan Kitob –Shahrisabz – Yakkabog‘ yer osti suv manbalari va “Talimarjon” ochiq suv havzasi, “Oqsuv-Dehqonobod” hamda 7 ta tumandagi suv ishlab chiqarish (skvajina) inshootlari orqali yetkazib beriladi. Aholiga 312 ta suv inshooti, 336 dona suv olish qudug‘i, 8 104,7 kilometr uzunlikdagi ichimlik suv quvurlari va tarmoqlari orqali suv yetkazib beriladi.

Viloyatda ichimlik suv ta’minoti va oqova suv chiqarish tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022 yilda 1645 kilometr ichimlik va 2,9 kilometr oqova suv tarmoqlari qurish hamda rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, 75 ob’ektda qurilish - montaj ishlari yakunlangan. 13 ob’ektlar yildan-yilga o‘tuvchi etib belgilanib, 2023 yilgi investitsiya dasturiga kiritilgan.

Aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini yaxshilash maqsadida “Qashqadaryo suv ta’minoti” MCHJ tomonidan 2022 yilda jami 1,9 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 2 kilometr markaziy ichimlik suv tarmoqlari yangidan qurilib, 3,9 kilometr qismi qayta rekonstruksiya qilindi.

Bu borada hali kelgusida amalga oshiriladigan loyihalar juda ko‘p. Maqsad viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suviga bo‘lgan talabini qondirish. Xususan, “Koson va Muborak tumanlari markazlari hamda Kitob-Shahrisabz yer osti suv konidan suv olish quvuriga yaqin bo‘lgan qishloq aholi punktlari suv ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish” loyihasining umumiy qiymati 51 million dollarga teng. Buning uchun 2022-2024 yillarda jami 42,9 million dollar imtiyozli qarz mablag‘lari jalb qilinishi belgilangan. Loyiha 2 ta suv taqsimlash inshootining qurilishi va rekonstruksiya qilinishi, 801 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortilishini o‘z ichiga oladi.

Yuqorida nazarda tutilgan qurilish montaj ishlari yakuniga yetkazilishi bilan markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 51,6 foizdan 59,4 foizga yetkaziladi.

Shuningdek, “Qarshi shahri kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihasining umumiy qiymati 76 million dollarni tashkil etib, loyihani amalga oshirish uchun 2022-2024 yillarda jami 60 million dollar, “Shahrisabz va Kitob shaharlarida kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” loyihasini amalga oshirish maqsadida 99 million dollar mablag‘ sarflanishi mo‘ljallangan. Loyihani amalga oshirish uchun 2022-2027 yillarda jami 87,4 million dollar imtiyozli kredit mablag‘lari jalb qilinishi belgilangan. Loyiha doirasida 53 ming m3/sutka quvvatli 2 ta oqova suv tozalash inshooti va 500 kilometrdan ziyod oqova suv tarmoqlari quriladi.

Albatta ushbu loyihalar amaliyotga tatbiq etilgach nafaqat Qarshi shahrida balki tumanlar markazlarida ham markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi. Muddatini o‘tab bo‘lgan quvurlar yangisiga almashtiriladi va quvurlardagi suv yo‘qotish ko‘rsatkichi keskin pasayadi. Isrofgarchilikning oldi olinadi.  

O‘lmas Barotov, O‘zA.