English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda ichimlik suvi ta’minoti 61,8 foizga yetdi
11:04 / 2026-01-15

Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatli. Ayniqsa, yillar davomida eng og‘riqli masalalardan biri bo‘lib kelgan ichimlik suvi ta’minoti sohasida keskin burilish yasaldi.

Yaqin o‘tmishni eslasak, hatto viloyat markazi Qarshi shahrida ham ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi uchun ichimlik suvi katta muammo edi. Kunlab jo‘mrakka termilib o‘tirish, soatlab navbat kutish odatiy holga aylangandi. 2010 yilda viloyat aholisining atigi 27 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, 2016 yilga kelib bu ko‘rsatkich 37 foizgagina yetgan.

So‘nggi yillarda esa sohaga davlat tomonidan qaratilgan e’tibor, yirik dasturlar doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida vaziyat mutlaqo o‘zgardi. Bugun Qashqadaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minoti darajasi 61,8 foizga yetdi.

Bu borada so‘nggi uch yilda 1 trillion 63 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 233 ta ob’ektda 3,5 ming kilometr ichimlik va 23 kilometr oqova suv tarmoqlari tortildi, 270 ta inshoot qurildi va rekonstruksiya qilindi. Natijada 188 dan ortiq mahalladagi 301 ming nafar aholi ilk bora toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi, yana 139 ming nafar aholining suv ta’minoti yaxshilandi.

[gallery-27135]

– Bu raqamlar ortida minglab oilalar hayotidagi haqiqiy o‘zgarishlar turibdi. Ilgari suv uchun navbat kutib o‘tirgan xonadonlar bugun uyida uzluksiz toza suvdan foydalanmoqda. Asosiy maqsadimiz har bir mahallaga, har bir xonadonga obi hayotni yetkazish, – deydi “Qashqadaryo suv ta’minoti” AJ axborot xizmati rahbari Ixtiyor Umarov.

Faqat 2024 yilning o‘zida 64 ta ob’ektda 311 kilometrdan ortiq tarmoq tortildi va 40 ta inshoot barpo etildi. Bu orqali 118 mingdan ziyod aholi suv bilan ta’minlanib, 71 ming nafar fuqaro ilk bor obi hayotga ega bo‘ldi. 2025 yilda esa 18 ta loyiha doirasida 167 kilometrdan ziyod tarmoq qurish ishlari boshlandi.

Ko‘kdala tumani markazida tarixda ilk bor kanalizatsiya tarmog‘i barpo etildi. “Beshchashma”, “Ayritom”, “Sho‘rquduq” hududlarida yangi suv tizimlari yaratildi. Qarshi shahrida “Shohbekat”, “Shayxali”, “Obi hayot” kabi avtomatlashtirilgan “aqlli” suv tarqatish shoxobchalari ish boshladi.

Ixtiyor Umarovning ta’kidlashicha, sohaga xalqaro moliya institutlarining kirib kelishi ishlar sur’atini yanada oshirmoqda.  

– Viloyatning Koson, Muborak, Qarshi, Shahrisabz va Kitob yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan xalqaro loyihalar nafaqat tarmoqlarni yangilaydi, balki butun tizimni zamonaviy boshqaruvga olib chiqadi. Yaqin yillarda viloyatda suv ta’minoti va kanalizatsiya bo‘yicha muammolar deyarli qolmasligiga ishonamiz, – deydi mas’ul.

Xulosa qilib aytganda, Qashqadaryoda obi hayotga yo‘l ochilmoqda. Ichimlik suvi ta’minoti sohasidagi bu o‘zgarishlar nafaqat statistikada, balki minglab xonadonlar hayotida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar har bir mahallaga baraka va farovonlik olib kirmoqda.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari