Qarshi shahridagi Teatr maydoni oldida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami munosabati bilan Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Konstitutsiya ko‘chasi” tashkil etildi.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, o‘qituvchi va o‘quvchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida fuqarolarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida sud, adliya, prokuratura, va boshqa davlat organlari tomonidan “Konstitutsiya burchaklari” tashkil etildi. Shuningdek, aholining huquqiy bilimlarini mustahkamlash maqsadida “Huquqiy viktorinalar” o‘tkazildi.
Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi xodimlari hamda yuridik texnikum o‘qituvchi va o‘quvchilari tomonidan Konstitutsiya normalari va aholiga qiziqarli boshqa qonunchilik hujjatlari bo‘yicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, aholiga qulaylik yaratish maqsadida davlat xizmatlari markazlari, FHDYO bo‘limlari va notariuslar tomonidan sayyor xizmatlar ko‘rsatildi.
Shundan so‘ng viloyat musiqali drama teatrida “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan bosh g‘oya asosida bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi sana munosabati bilan Qashqadaryo ahlini samimiy muborakbod etdi.
[gallery-14959]
– Bosh qomusimizda har bir insonning erkin va farovon yashashi, o‘z qobiliyat va salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun mustahkam asoslar belgilab qo‘yilgan, – dedi viloyat rahbari. – Tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishi va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli. So‘nggi ikki yilda viloyatimizda umumiy qiymati 280 million dollardan ortiq 555 ta sanoat loyihasi ishga tushirildi. Ayniqsa, xorijlik hamkorlar bilan olib borilayotgan do‘stona aloqalar yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish va Qashqadaryoning eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Viloyatda ayni kunga qadar 317 million AQSH dollariga teng mahsulot va xizmatlar eksporti amalga oshirildi. Bu o‘tgan besh yil ichida viloyatning esport sur’ati to‘rt barobarga oshganini ko‘rsatadi.
Aholi farovonligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda hududlar infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilyapti.
“Tashabbusli byudjet” dasturi va “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlarining joriy qilinishi hududlar obodligiga katta hissa qo‘shyapti.
Bu borada viloyatdagi 4 ta mahalla, 56 ta ko‘cha va 2 ming 249 ta xonadonning arxitektura qiyofasi tubdan yaxshilanib, hududlari obodonlashtirildi.
Belgilangan dasturlar doirasida 2,5 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi evaziga 1 ming 684 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha qiymati 530 milliard so‘mlik 695 ta ob’ekt foydalanishga topshirildi.
“Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida ichki yo‘llar uchun 155 milliard so‘m, ijtimoiy soha ob’ektlari uchun 65 milliard so‘m va boshqa tadbirlar uchun 25 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, ishlar yuqori sur’atda olib borilmoqda.
“Mening yo‘lim” loyihasi bo‘yicha 33 ta mahallaning ichki yo‘llari ta’miri uchun 43 milliard so‘m ajratildi. Elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 324 kilometr elektr tarmoqlari va 200 dona transformator punktlarini qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari