Yoz mavsumida aholi tomonidan pomidor, bodring kabi sabzavotlardan uy sharoitida konserva mahsulotlari tayyorlash odat tusiga kirgan. Ammo sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etilmasligi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Xususan, botulizm kasalligini qo‘zg‘atuvchi sporalar mavjud bo‘lgan konserva mahsulotining hatto oz miqdori ham inson salomatligi uchun o‘ta xavflidir.
Qashqadaryo viloyati Koson tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Akbar Musayev va uning 6 yoshli qizi uy sharoitida tayyorlangan pomidor konservasini iste’mol qilganidan so‘ng og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi.
Fuqaro A.Musayevning so‘zlariga ko‘ra, dastlab qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va qusish alomatlari kuzatilgan. Uy sharoitida davolanishga urinish natija bermagan, ahvol og‘irlashganidan so‘ng tibbiy muassasaga murojaat qilishga to‘g‘ri kelgan.
[gallery-26734]
Joriy yilning 7 dekabr kuni Koson tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ota va qiz “ovqat toksikoinfeksiyasiga gumon” tashxisi bilan qabul qilingan.
– Bemorlar suvsizlanish, ich ketishi va qayt qilish alomatlari bilan olib kelindi, – deydi Koson tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh vrachi Fazliddin Kamolov. – Tezkor tibbiy yordam ko‘rsatilib, zarur muolajalar amalga oshirildi. Kuzatuv jarayonida bemorlarda botulizm kasalligiga shubha paydo bo‘ldi va laboratoriya hamda klinik belgilar asosida tashxis tasdiqlandi. Protokolga muvofiq botulizmga qarshi zardob qo‘llanildi. Hozirda ikkala bemor ham reanimatsiya bo‘limida davolanmoqda. 6 yoshli bolada nafas mushaklari falajligi kuzatilgani sababli sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan.
Epidemiologik surishtiruvlar davomida aniqlanishicha, bemorlar 4 dekabr kuni uyda tayyorlangan sho‘rva va 3 litrli idishda saqlangan pomidor konservasini iste’mol qilgan. Ertasi kunidan esa klinik belgilar paydo bo‘lgan.
Xonadonda jami 18 litr uy sharoitida tayyorlangan pomidor konservasi aniqlanib, laboratoriya tekshiruvi uchun namuna olindi. Qolgan qismi sanitariya talablariga muvofiq yo‘q qilindi. Oila a’zolari orasida boshqa zaharlanish holatlari qayd etilmadi.
Qizaloqning onasi Gullola Pirimovaning aytishicha, mazkur konserva avval ham iste’mol qilingan bo‘lib, hech qanday salbiy holat kuzatilmagan. U barcha fuqarolarni uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilmaslikka chaqirdi.
Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi ovqatlanish gigiyenasi bo‘limi mudiri Ortiq Aminovning ta’kidlashicha, botulizm kasalligi asosan kuz-qish mavsumida uy konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida kelib chiqadi.
– Joriy yilda viloyatda 6 ta botulizmga gumon holati qayd etildi, – deydi mutaxassis. – Barchasiga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatildi. Aholidan uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlariga nisbatan o‘ta ehtiyotkor bo‘lishni so‘raymiz. Chunki bunday mahsulotlarda botulizm sporalari mavjud yoki yo‘qligini tashqi ko‘rinishidan aniqlab bo‘lmaydi.
Ayni paytda Koson tumanining “Beshquton” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi o‘rtasida botulizmning oldini olish, uy konservasi tayyorlashda sanitariya qoidalariga amal qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerak, joriy yil davomida viloyat bo‘yicha yuqumli kasalliklarning oldini olishga qaratilgan 500 mingga yaqin targ‘ibot materiali tarqatilgan bo‘lib, shundan 200 mingdan ortig‘i botulizmga qarshi profilaktikaga oiddir.
Mutaxassislar yana bir bor aholini shubhali konserva mahsulotlaridan voz kechishga, o‘z salomatligi va yaqinlarining hayotiga befarq bo‘lmaslikka chaqirmoqda.
Ogoh bo‘ling: eng katta boylik – sog‘ligimiz.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/UOVYCnc-Bs8" title="Qashqadaryoda botulizm holati qayd etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat, video), O‘zA muxbirlari