Qashqadaryoda bir nechta tibbiyot muassasasi oʻz faoliyatini boshladi
418 oʻrinli viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Toʻlqin Rasulovning maʼlumot berishicha, shifoxonaga kiruvchilar uchun eshik oldida filtr tashkil etilgan.
Nihoyat Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bugungi kunda mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat barqarorlashayotgani sababli respublikadagi davolash-profilaktika muassasalariga oʻz faoliyatini sohasi boʻyicha davom ettirishga 1-may sanasidan ruxsat berdi. Ular orasida Qashqadaryo viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi va viloyat koʻp tarmoqli bolalar tibbiyot markazi ham bor.
Xususan, 418 oʻrinli viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Toʻlqin Rasulovning maʼlumot berishicha, shifoxonaga kiruvchilar uchun eshik oldida filtr tashkil etilgan. U tana haroratini oʻlchash, pirometr, termometr hamda dezinfeksiya moddalari bilan taʼminlangan. Shuningdek bemorlar va faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarning tana haroratini har kuni 9:00 va 19:00 da oʻlchash hamda koronavirus belgilariga tekshirish, binodagi mavjud xonalar, eshik tutqichlari, qattiq jihozlar, oshxonada ovqat tayyorlash va ovqatlanish bilan bogʻliq barcha anjomlar, hojatxona, vanna va boshqa aloqa qilish mumkin boʻlgan yuzalarni belgilangan miqdordagi xlorli eritmalar bilan har kuni muntazam ravishda dezinfeksiya qilish ishlarini kuchaytirish va nazoratga olish taʼminlangan.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, ushbu tibbiyot muassasalari pandemiya sabab Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻi bilan yopilgan edi.