Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda bir kub oqova suvning qancha mashaqqat bilan keltirilishini bilasizmi?
10:58 / 2021-08-05

Qashqadaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan jurnalist va blogerlar viloyatdagi qishloq xo‘jalik ekinlarini oqova suv bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadigan suv inshootlari faoliyati bilan tanishdi.

Mana shunday muhim suv inshootlaridan biri Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi tarkibidagi “Talimarjon” suv omboridir.

Ba’zan qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtirayotgan dehqonlarning suvdan oqilona foydalanmasdan, ariq zovurlarga oqizib qo‘yganiga guvoh bo‘lamiz. Ammo press-tur davomida har bir qultim suvning qanchalik mashaqqat bilan Amudaryodan olib kelinayotganiga guvoh bo‘ldik. Bu boradagi ishlar yuzasidan Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Qurbonov batafsil ma’lumot berdi.  

– Suv omborning hajmi 1,5 milliard kub, hozirgi kunda 200 million kubga yaqin suv bor, – deydi I.Qurbonov. – Suv yig‘ish jarayoni dekabr, yanvar, fevral oylarini tashkil qiladi. Qolgan paytda suv ekinlar uchun chiqariladi. Suv Amudaryodan keladi. Suv omborga 7 ta nasos stansiyasi orqali, minimum 10 kub, maksimum 195 kub suv kiradi. Chiqishi 360 kubgacha. Yo‘l bo‘ylab 110 kilometr, kanal bo‘ylab 80 kilometr masofani nazorat qilamiz. Nasoslarning asosiy qismi Turkmaniston hududida joylashgan. Hozirgi kunda chegaralar yopiq. Shu bois Buxoro viloyati orqali aylanib, 1 ming 600 kilometr masofani bosib o‘tib nazorat qilyapmiz. Hozirgi kunda tashkilotimizda 400 nafar ishchi-xodim ishlaydi. Shundan 200 nafarga yaqini turkman fuqarosi hisoblanadi. Ikki oyga bir marta smena almashadi. Amudaryodan yiliga o‘rtacha 2,5 ming 3 ming kub suv oqib o‘tadi. Undan biz bor yo‘g‘i 100-150 metr ennilikdagi kanal orqali suv olamiz. 21 kilometr o‘zi oqib keladi. Buning uchun 17 ta zemsnaryadlar yil 12 oy 24 soat to‘xtamasdan ishlaydi. Chunki Amudaryo suvi loyqa bo‘lganligi uchun kanal to‘lib qoladi. Masalan, ayni paytda bir kub suvda 18 kilogramm loyqa bor. Birinchi nasosda 3 ta agregat ishlaydi. Har biri 35 kubdan ya’ni 210 kub suv chiqaradi. 17 metr balandlikka ko‘tarib berib, 20 kilometr uzoqlikka haydaydi. Ikkinchi nasos stansiyasi ham xuddi shunday 24 metr balandlikka ko‘tarib beradi. Hozirgi kunda 5 qator agregat ishlayapti bittasi zaxirada. Zaxirada turgan payt agregatni ta’mir jarayonini qilamiz. Qaysi agregatning ishi yaxshi bo‘lmasa, to‘xtatib zaxiradagisini qo‘shib yuboramiz. 365 kun davomida mana shu 36 ta agregat umuman to‘xtamaydi. Shu holatda 1 kilometr 400 metrga ko‘tarib kelamiz. 3-nasosga ham 24 metr balandlikda keladi. 4-nasosga 20 kilometr haydagandan keyin bu oraliq beton kanal. Shu yerdan Mirishkor kanaliga suv olinadi. Bu kanalning ham 23 kilometri Turkmaniston hududida. Hozirgi kunda ikkita agregat 64 kub suv haydayapti. Qolgan 3 ta agregat 5-nasosga suv haydaydi. 5-nasos ham huddi shunday 24 metr balandlikka ko‘tarib 6-nasosga suv yuboradi. Bundan kelgan suv Amu-Qashqadaryo havza boshqarmasining farmoyishiga asosan yo 7-nasos stansiyasi orqali Talimarjon suv omboriga suv tashlanadi yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri sug‘orishga beriladi. Masalan, hozir bir kecha-kunduzda 20 million kub suv oladigan bo‘lsak, omborga kirayotgani yo‘q. Hammasi sug‘orishga ketyapti. Suv omborida suv qolmadi, deb aytishadi, lekin nasoslar tinimsiz ishlab turadi.

Ma’lumot o‘rnida “Talimarjon” suv ombori Nishon tumanidagi Talimarjon shahridan 3 kilometr uzoqlikda janubiy sharqda joylashgan. Ushbu suv ombori 1986 yilning 29 martida foydalanishga topshirilgan. Suv yig‘ish manbai Amudaryo daryodan 7 ta nasos agregatlari orqali to‘ldiriladi. Ombor 2 ta to‘g‘ondan iborat.  

Mazkur suv ombori viloyatdagi eng yirik suv yig‘ish inshooti bo‘lib, Nishon, Qarshi, Mirishkor, Kasbi, G‘uzor, Muborak tumanlari hamda “Talimarjon” IES, “Sho‘rtangazkimyo” majmuasini ichimlik va irrigatsiya suvi bilan ta’minlaydi.

Suv to‘ldirish mavsumiy bo‘lib, kuz-qish mavsumida hamda qisman may-iyun oylarida to‘ldiriladi. “Talimarjon” suv ombori Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi tomonidan ekspluatatsiya qilinadi. Omborning to‘liq hajmi 1 milliard 525 million kub metr bo‘lib, unda yig‘ilgan suv zaxirasi hisobiga 337 ming gektar maydon oqova suv bilan ta’minlanadi. Umumiy maydoni 7 ming 735 gektarni tashkil etadi.  

Ta’kidlash lozimki, “Talimarjon” suv omboridagi suv Qarshi magistral kanali orqali sug‘oriladigan yer maydonlariga yetkaziladi. Qarshi bosh kanali 1974 yil ishga tushirilgan. Tallimarjon suv ombori orqali Qarshi bosh kanali suv oladi. Kanalning umumiy uzunligi 105,3 kilometrni tashkil etadi. Qarshi magistral kanalining bosh qismida maksimal suv sarfi 350 m3/s.  Ushbu kanal Qarshi tumanidagi 21 ming 285 gektar, Koson tumanidagi 74 ming 96 gektar,  Nishon tumanidagi 40 ming 985 gektar jami 136 ming 366 gektar maydonda ekilgan paxta, g‘alla, bog‘ va boshqa ekinlarni hamda aholi tomorqasini suv bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Xuddi shunday “Talimarjon” suv ombori orqali Tuyinturuvchi kanalining PK310+00dan hamda Qarshi bosh kanalining PK650+00 dagi 4 va 5-nasos orqali  Mirishkor magistral kanaliga ham suv quyiladi. Mirishkor magistral kanali 1973 yilda ishga tushirilgan, jami uzunligi 118,9 kilometr bo‘lib, Mirishkor magistral kanalining bosh qismida maksimal suv sarfi 136,5 m3/s tashkil etadi. Kanal tuproq o‘zanli bo‘lib, Mirishkor, Muborak, Kasbi,  Nishon hamda Qarshi tumanlaridagi  41  ta  suv iste’molchilari orqali jami 119 ming 203 gektar maydonda ekilgan paxta, g‘alla, bog‘ va boshqa ekinlarni hamda aholi tomarqasini suv bilan ta’minlaydi.  

Shuni alohida qayd etib o‘tish joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida “Qarshi nasos stansiyalar kaskadini qayta tiklash – III faza” loyihasi bilan ham tanishgan edi. Ayni paytda ushbu loyiha bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.  

– Ushbu loyihaning amalga oshirilishini qashqadaryoliklar uzoq yillar kutdi, – deydi I.Qurbonov. – Loyiha amaliyotga to‘liq tatbiq etilishi bilan viloyatda yanada mo‘l hosil yetishtirish, million-million daromad qilish, suv tanqisligi keskin kamayib, yiliga ikki-uch marta hosil olish imkoniyati yaratiladi. “O‘zGIP” loyiha korxonasi tomonidan “Qarshi nasos stansiyalari kaskadini qayta tiklash – III faza” loyihasining daslabki texnik-iqtisodiy asosi 2015 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 105 million 300 ming dollar bo‘lib, 2017-2023 yillarga mo‘ljallangan. Buning natijasida nasos stansiyalariga energiya tejamkor agregatlar o‘rnatiladi. Eskirgan quvurlar yangisiga almashtiriladi. Yangi zemsnaryadlar keltiriladi. Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, 402 ming gektar sug‘oriladigan maydonning suv ta’minoti tubdan yaxshilanadi. Bu yiliga 106,55 million kVt soat elektr energiyasi tejab qolish imkonini beradi. Eng muhimi, hududda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish, turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Press-tur davomida ishtirokchilar KMK FB markaziy ta’mirlash ustaxonasida bo‘lib, uzluksiz davom etadigan ta’mirlash tiklash jarayoni bilan ham tanishdi.  

Mazkur ustaxona 1989 yil 1 sentyabrda foydalanishga topshirilgan. Umumiy maydoni 5184 m2 ni tashkil etadi. Ta’mirlash ustaxonasining asosiy vazifasi QMK FB nasos stansiyalari kaskadining sug‘orish mavsumidagi muntazam ishlashi, gidrotexnik inshootlar, nasos stansiyalaridagi barcha asosiy va yordamchi jihozlarning sifatli ta’mirlash nasos stansiyalari va nasos agregatlarini yil davomida tubdan va joriy ta’mirlash ishlarini, asosiy moslamalarga kerakli qismlar yasash va o‘rnatish ishlarini boshqarmaning xo‘jalik uslubida ishlovchi ishchi xodimlari tomonidan amalga oshirib kelinadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ta’mirlash ustaxonasida o‘tgan yili 86 ta nasos agregatlari ta’mirlangan. QMK FB kaskadini 46 yildan buyon ishlatishi natijasida ehtiyot qismlar asosiy uskunalar va jihozlar (hisobdagi) elektromexanika ta’mir ustaxonasida nasos agregatlarini ta’mirlash mavsumida kechayu-kunduz smenali ishlar tashkil etiladi. Ishchilar soni 61 nafar bo‘lib, ular nasos agregatlarni ta’mirtalab detal va uzellarini qayta ta’mirlash va yangisini yasash vazifalarini bajarib kelmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA