French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda bir guruh tadbirkorlarga davlat mukofotlari va ko‘krak nishonlari topshirildi
17:13 / 2024-08-16

Davlatimiz rahbarining “Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga binoan taqdirganlar orasida bir guruh qashqadaryolik faol tadbirkorlar ham bor.

Kuni kecha viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligida ularga davlat mukofotlari va ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.  

Tadbirkorlar kuni munosabati bilan Muborak tumanidagi “Shodlik paxta-don klasteri” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori  Abdushukur Daniyev “Do‘stlik” ordeni bilan, Yakkabog‘ tumanidagi “Kumush kuz fayzi” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi  Abdinabi G‘iyosov  “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.  

Shuningdek, Prezident tomonidan bir guruh qashqadaryolik tadbirkorlar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Viloyat rahbari taqdirlanganlarni tabriklab, mukofotlarni o‘z egalariga topshirdi.  

– So‘nggi 3-4 yilda xalqaro maydonda bo‘layotgan o‘zgarishlar dunyo iqtisodiyotiga, shu jumladan, milliy iqtisodiyotimizga ham katta ta’sir o‘tkazmoqda, –- dedi viloyat hokimi M.Azimov. – Turli ziddiyatlar tufayli logistika va mahsulot yetkazib berish zanjirining uzilgani, hamkor mamlakatlar valyutasining qadrsizlangani, global miqyosda inflyatsiya darajasi yuqori bo‘lib qolayotgani oqibatida moliyaviy resurslarning qimmatlashgani kabi omillar ta’sirini tadbirkorlarimiz juda yaxshi bilishadi. Tadbirkorlarga qulaylik yaratib berish, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun soliq, bojxona, kredit, transport-logistika va shunga o‘xshash boshqa bir qator imtiyozlar yaratib berilmoqda. Barcha shahar va tumanlarda investitsiya loyihalarini ishga tushirishga asosiy e’tiborni qaratish lozimligini bugungi shart-sharoitlar ko‘rsatib bermoqda.

[gallery-18760]

Viloyatda joriy yilda 1,9 milliard dollarlik investitsiyalar hisobiga 600 dan ortiq loyihani ishga tushirish va 20 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratish bo‘yicha ishlanmoqda. Shu bilan birga, eksportyor korxonalarni doimiy qo‘llab-quvvatlash, mahsulotlar eksport hajmini oshirish asosiy vazifalardan biriga aylanib ulgurdi. Maqsadimiz faqat tadbirkorlarga yordam berish va ularni qo‘llab-quvvatlashdir.  

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),

O‘zA muxbirlari