Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 13 fevral kuni 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilingan edi.
Qashqadaryo viloyat hokimi M.Azimov tomonidan qabul qilingan tegishli qaror ham aynan shu jabhadagi muhim maqsadlar – aholini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, hududiy sport federatsiyalari (uyushmalari) faoliyatini qo‘llab-quvvatlash orqali nufuzli xalqaro sport musobaqalari, jumladan, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarimizning har tomonlama muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta’minlashga qaratildi.
Qarorga ko‘ra, jahondagi eng nufuzli sport turnirlariga terma jamoalar zaxirasini kuchaytirish maqsadida joriy yilda viloyatda Olimpiya va Paralimpiya sport turlari bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida 170 ta musobaqa o‘tkaziladi.
Jumladan, 2025 yilda viloyatda terma jamoalar tayyorgarlik olib boradigan 7 ta sport inshootining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ham nazarda tutilgan. Shulardan biri viloyatning Nishon tumanidagi Solyanka ko‘lida tashkil etilayotgan akademik hamda baydarka va kanoeda eshkak eshish sport bazasidir. Uni barpo qilishga mahalliy byudjet va homiylik mablag‘lari hisobidan 4,5 milliard so‘m, zarur sport anjomlari va uskunalari, qayiqlar bilan ta’minlashga Sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi mablag‘lari hisobidan 1,5 milliard so‘m ajratilishi “yo‘l xaritasi”da ko‘rsatib o‘tilgan.
Ma’lum qilinishicha, hozir yangi sport bazasini tashkil etish maqsadida mavjud suv havzasi eshkak eshish mashg‘ulotlarini o‘tkazishga mo‘ljallab obodonlashtirilmoqda. Keyinchalik esa u yerda yengil konstruksiyali inshootlar – o‘quv treninglari va jismoniy mashg‘ulotlar uchun zallar, qayiqlarni saqlash omborlari, oshxona va dam olish xonalarini qurish rejalashtirilgan.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri