Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda aholining ichimlik suvi ta’minoti 65 foizga yetkaziladi
18:39 / 2024-09-24

Bu haqda “Qashqadaryo suv ta’minoti” AJ tashabbusi bilan OAV vakillari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida batafsil so‘z yuritildi.

Tadbirda soha mas’ullari viloyatda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmati bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar xususida axborot berdi.  

Qayd etilishicha, 2024 yil 1 yanvar holatida viloyat aholisining 59,4 foizi, ya’ni 2 million 32,7 ming nafari markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Qolgan aholi vakillari ichimlik suvini alternativ manbalar orqali tashib iste’mol qiladi.  

Viloyatda aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi so‘nggi yetti yilda 29,8 foizdan 59,4 foizga yetkazilib, 5,2 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortildi (1 million aholi suv ta’minoti yaxshilandi).  

Mavjud 485 ta ichimlik suvi olish inshootidan 14 tasi hamda 9 ming 307 kilometr ichimlik suvi tarmoqlaridan 2 ming 856,3 kilometri 1970-1980 yillarda qurilgani bois eskirgan va ta’mirga muhtoj.  

[gallery-19425]

Bugungi kunda “Qashqadaryo suv ta’minoti” AJ xizmat ko‘rsatadigan iste’molchilar soni 166,3 mingni tashkil etadi.  

2023 yilda barcha dasturlar doirasida 432 milliard so‘m hisobiga 181 ta ob’ektda 1,3 ming kilometr ichimlik va 23 kilometr oqova suv tarmoqlari hamda 170 ta ichimlik suvi va oqova suv inshootlari qurilgan va rekonstruksiya qilingan. Natijada, mahallalardagi 270 ming nafarga yaqin aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanib, 108 ming nafardan ziyod aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.  

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 dekabrdagi tegishli qaroriga asosan, joriy yilda 9 ta ichimlik va oqova suv ob’ekti uchun 62 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 3 ta suv inshooti qurish hamda 166 kilometr tarmoq tortish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.  

Joriy yilning 1 iyun holatiga ko‘ra, 18,8 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilib, 147,8 kilometr tarmoqlar qurildi va ta’mirlandi.  

Bundan tashqari, “Koson va Muborak tumanlari markazlari hamda Kitob-Shahrisabz yer osti suv konidan suv olish quvurlariga yaqin bo‘lgan qishloq aholi punktlarining suv ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida Saudiya taraqqiyot va OPEK jamg‘armalarining 42,8 million AQSH dollari miqdorida kredit mablag‘i jalb etilgan bo‘lib, 1-, 2-, 4-paketlar bo‘yicha shartnomalar tuzilgan hamda pudratchilar tomonidan qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.  

Ushbu loyihalar yakuniga yetgach yana 39 ta mahallada istiqomat qiluvchi 153 ming nafarga yaqin aholi markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.  

Dasturlarni to‘liq amalga oshirilishi natijasida viloyatning markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlaganlik darajasi yil yakuniga kelib, 59,4 foizdan 64,2 foizga yetkaziladi.  

Shuningdek, matbuot anjumanida aholi va yuridik tashkilotlarning ichimlik suvidan qarzdorlik holati haqida ham ma’lumot berildi.  

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari