Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda aholini ro‘yxatga olishning ikkinchi bosqichi davom etmoqda
15:55 / 2026-02-20

Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari va strategiyalarni samarali amalga oshirishda aholining soni, tarkibi hamda hududiy joylashuvi haqidagi aniq ma’lumotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan, aholini ro‘yxatga olish jarayonlari davlat boshqaruvi tizimida manzilli va samarali qarorlar qabul qilishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yil 16-martda tasdiqlangan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun yurtimizda demografik, ijtimoiy va iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha yagona axborotlar bazasini shakllantirish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘ldi. Mazkur qonun doirasida o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olishning birinchi bosqichida fuqarolar onlayn tarzda faol ishtirok etgan bo‘lsa, ayni paytda ikkinchi bosqich ishlari hududlarda jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Xususan, Qashqadaryo viloyatida ikkinchi bosqich doirasida jami 711,6 ming xonadonni qamrab olish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 675 ming xonadon, ya’ni rejaning 95 foizi bajarildi. Qolgan 36,6 ming xonadonda ro‘yxatga olish ishlari tasdiqlangan grafik asosida davom etmoqda.

Chiroqchi tumanida ham mazkur jarayon mahalla yettiligi ishtirokida belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Qalqama” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shuhrat Xurramovning ta’kidlashicha, mahallada mavjud 624 ta xonadonning qariyb 90 foizi birinchi bosqichda onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tgan. Qolgan xonadonlar bo‘yicha esa mahalla yettiligi tomonidan uyma-uy yurib, ro‘yxatga olish va ma’lumotlarni aniqlash ishlari olib borilmoqda.

[gallery-27776]

– Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida ayrim hollarda oila a’zolari to‘liq qamrab olinmagan holatlar kuzatildi. Hozirda shu kabi xatolarni bartaraf etish ustida ishlayapmiz, – deydi mahalla raisi.

Ma’lum qilinishicha, Chiroqchi tumanidagi 55 ta mahallada mavjud 48 ming 603 ta xonadon mahalla yettiligi tomonidan o‘rganilib, onlayn ro‘yxatdan o‘tishda ishtirok etmagan yoki savolnomalarni kamchiliklar bilan to‘ldirgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlar planshet qurilmalari orqali elektron tizimga kiritilmoqda. Hozirga qadar ushbu ishlar 95 foiz bajarilgan.

Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Boymurod Yoriyevning ta’kidlashicha, dastlabki bosqichda tumanda aholining 84 foizi onlayn ro‘yxatdan o‘tgan, ikkinchi bosqichda esa qolgan xonadonlar to‘liq qamrab olinish arafasida.

Umuman olganda, aholini ro‘yxatga olish tadbirlari aholi tarkibining real holatini aniqlash, mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun ishonchli va xolis ma’lumotlar bazasini yaratishga xizmat qiladi. Bu esa yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida muhim poydevor vazifasini o‘taydi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari