Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunning bajarilishi hamda “O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi Prezident farmoniga asosan ijtimoiy yordam dasturlari doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordam berish tizimining ijro etilish holatini Qashqadaryo viloyatida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishni kirish so‘zi bilan ochgan qo‘mita raisi Mavluda Xo‘jayeva mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, ularning real daromadlarini izchil oshirib borish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham ijtimoiy adolat tamoyili asosida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni bartaraf etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilanganini ta’kidladi. 2022 yilning 25 iyul kuni 2021−2030 yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi konsepsiyasi qabul qilingani, bu bo‘yicha ishlar olib borilayotganini qayd etdi.

– Qashqadaryo viloyatida “Aholi bandligi to‘g‘risida"gi qonun va yuqoridagi farmonning ijrosini ta’minlash bo‘yicha salmoqli ishlar qilinmoqda, – dedi qo‘mita a’zosi M.Hojimatov. – Viloyatda 2022 yil davomida 270,7 ming oilaga 1,45 trillion so‘m ijtimoiy yordam pullari berilgan. Viloyatda doimiy aholi 3 million 445,4 ming nafarni, iqtisodiy faol aholi soni 1335,2 ming nafarni tashkil etsa, band bo‘lganlari 1211,1 nafarni tashkil etadi. O‘rganishlarimiz davomida ma’lum bo‘ldiki, bugungi kun holatiga ko‘ra, viloyatda ishga joylashtirishga muhtoj bo‘lgan shaxslar 124,1 ming nafarni tashkil etib, ishsizlik darajasi 9,3 foizni, iqtisodiy nofaol aholi esa 484,1 ming nafarni tashkil qilmoqda. 2022 yil davomida Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan 63 ming ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarga bandlik xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lib, buning uchun bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi va jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 65,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Shuningdek, yig‘ilishda qo‘mita a’zolari viloyatda fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash va bandlik sohasidagi qonunchilikka to‘liq rioya qilish borasida uchrayotgan ayrim kamchiliklar, aniqlangan muammolarni tanqid ostiga olib, onlayn ishtirok etgan viloyat mutasaddilariga savol va e’tirozlarini bildirdi. Xususan, Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga ish so‘rab murojaat qilgan fuqarolarning 80 foizdan ortig‘iga maslahat berish bilan cheklanilgani, ayrim tumanlarda investitsiya dasturlari o‘z vaqtida bajarilmagani, oqibatda rejalashtirilgan ish o‘rinlari yaratilmaganligi tanqid qilindi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda aholi, ayniqsa, keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarni bepul sanatoriylarga joylashtirish borasidagi ishlar ham tahlil qilindi. Bu borada navbat ko‘pligi natijasida aholining e’tirozlari ortgan. Buning sabablari o‘rganilganda, bepul xizmat ko‘rsatish uchun atigi 7 ta sihatgoh biriktirilganligi ma’lum bo‘ldi. Shu bois, ushbu sihatgohlar sonini ko‘paytirish takliflari bildirildi. Kun tartibidagi masalalar hamda deputatlaring e’tiroz va savollari yuzasidan viloyat mutasaddilarining ham fikrlari, takliflari tinglandi.
Muhokamalarga boy bo‘lgan yig‘ilishda deputatlar tomonidan o‘rganish davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berilib, samarali parlament nazoratini amalga oshirishga kelishib olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA