Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryoda 8-sinf o‘quvchisini kim kaltaklagan?
17:25 / 2022-11-08

Qashqadaryo viloyatida 8-sinf o‘quvchisi yuqori sinf o‘quvchilari tomonidan kaltaklangani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, jamoatchilik orasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi.

Mazkur holat natijasida Qarshi shahridagi 27-umumta’lim maktabi jamoasi va u yerdagi ta’lim tizimi haqida salbiy fikrlar tarqaldi. Xabarda ta’kidlanishicha, 8-sinf o‘quvchisini katta sinf o‘quvchilari do‘pposlagan va unga qattiq tan jarohati yetkazilgan. Natijada o‘quvchi shifoxonaga yotqizilgan. Ota-onasi, to‘g‘rirog‘i ko‘proq onasi maktab jamoasi va o‘sha urgan o‘quvchilarni javobgarlikka tortish lozimligini aytmoqda.  

Biz esa ushbu ta’lim muassasasiga qozilik qilish fikridan yiroq bo‘lgan holda voqea aslida qanday bo‘lganiga qiziqdik va jurnalistik surishtiruv olib bordik.  

Dastlab, 27-umumta’lim maktabiga borib ta’lim muassasasi o‘qituvchilari bilan suhbatlashdik.  

– Joriy yilning 2 noyabr kuni maktabimizda sodir bo‘lgan voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib bordik, – deydi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Intizor Mamadaliyeva. – Maktab atrofidagi kuzatuv kameralarini ko‘zdan kechirganimizda bola o‘zi yurib, maktabga kelayotgani aniqlandi. Maktabning kirish foyesidagi kamerada ham bola o‘zi yurib kelgani va kirgandan keyin tobi qochib qolgani aks etgan. Bu narsa keng jamoatchilik orasida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lib, o‘qituvchilarimizning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘sha bola meni urdi, deya ta’kidlayotgan 9-sinf o‘quvchilari bilan maktab o‘qituvchilari, maktab inspektor psixologi, sinf rahbari suhbat olib borganda ularning maktabga soat nechada kelib, nechada qaytgani kuzatuv kamerasiga tushganligi, bu hodisaga aloqasi yo‘qligi ayon bo‘ldi.  

Xo‘sh, unda 8-sinf o‘quvchisini kim urgan? Unga shifoxonaga tushib qoladigan darajadagi jarohatni kim yetkazgan?  

Jabrlangan bola ham o‘z ko‘rsatmalarida yuqori sinf o‘quvchilari tomonidan kaltaklangani xususida ko‘rsatma bergan. Xullas voqealar chigal. O‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatimiz asnosida o‘sha kuni bolaning onasi sinf rahbariga telefon qilib, o‘g‘lini kech borishini aytib javob so‘ragan. Haqiqatdan kuzatuv kameralarida aks etgan videotasvirga tayanadigan bo‘lsak, bola ikkinchi smenadagi darsga kechikib soat 15:14 da kelgani ko‘rsatilgan.  

Qashqadaryo viloyati IIB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markazi hamkorligida holatni o‘rganarkanmiz profilaktika inspektorlari va psixologlar tomonidan voqeaga aloqador har bir jihat e’tibordan chetda qolmagani, o‘quvchidagi jarohatlar qay tartibda orttirilgani sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilgani ma’lum bo‘ldi. O‘rganishlarga ko‘ra, holat yuzasidan jinoiy ish ochilgani aytildi.  

– 2022 yil 2 noyabr kuni Qarshi shahar ichki ishlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, shu kuni soat 15:00 da Qarshi shahri Kamandi MFYda yashovchi Qarshi shahar 27-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi tan jarohati olib shifoxonaga tushgan, – deydi tergovchi Ruslan Jumayev. – Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida shu maktabda o‘qiyotgan yuqori sinf o‘quvchilari urib tan jarohati yetkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘plangan. Keyinchalik jinoiy ish qo‘zg‘atilib, olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida ushbu jinoyat yuqori sinf o‘quvchilari tomonidan sodir etilmaganligi aniqlangan va holat bo‘yicha hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.  

Demak tergovchining so‘zlariga quloq soladigan bo‘lsak, bolani yuqori sinf o‘quvchilari urgan degan iddao o‘z tasdig‘ini topmadi. Dastlabki tergov ma’lumotlaridan kelib chiqib, o‘quvchining otasi bilan ham suhbat o‘tkazildi. Uning fikrlarini tingladik.  

– Har bir ota o‘z farzandini yomon yo‘lga kirib ketmasligi uchun kurashadi, harakat qiladi, tanbeh beradi, – deydi jabrlangan o‘quvchining otasi. – Men ham o‘g‘limning ertaga yomon inson bo‘lishini istamayman. O‘sha kuni qilgan qilmishidan jahlim chiqdi. Ko‘cha ko‘yda maktabga otasi tashlab ketdi degan bo‘hton gaplar tarqab ketdi. To‘g‘ri, urdim, lekin shifoxonaga tushadigan darajada urganim yo‘q. Agar shu holatga kelguncha urganimda uni maktabga tashlab ketmasdim, o‘zim olib borgan bo‘lardim shifoxonaga. Bir kun oldin kechqurun o‘g‘limga tanbeh bergan bo‘lsam, ertasi kuni ya’ni 2 noyabr kuni soat 13:30-14:00 gacha men bilan birga yurgan. Bu vaqt davomida akasi ikkalasi bilan bozorga borganmiz, akasiga sport anjomlari xarid qilganmiz. Keyin u ketdi. Soat 15:00 dan o‘tib shu xabar kelyapti. Albatta bunga organ xodimlari yechim topadi. Adolatli hal etilishiga ishonaman.  

Ota-ona tomonidan bolaning to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmasligi uchun tanbeh berilishi unchalik yomon ish emas. Ammo vaziyatni o‘rganmasdan turib, asoslanmagan xabarlar ortidan shov-shuv chiqarish o‘smirlik yoshidagi bolaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, – deydi markaz rahbari bu haqida to‘xtalarkan.  

– Har bir ota-ona bolasi voyaga yetgunga qadar unga ta’lim-tarbiya berishga majbur, bu bizning asosiy qonunimizda ko‘rsatilgan. Voyaga yetmaganlar bilan sodir bo‘layotgan ko‘ngilsiz voqealarni sababini maktab dargohi yoki o‘qituvchilardan izlash bu masalaga yechim emas, – deydi Qashqadaryo viloyati IIB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markazi rahbari Iroda Rasulova. – Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlar faollaridan biror-bir ma’lumot yoki murojaat kelib tushganda, avval uni tekshirib, so‘ng axborot sifatida tarqatish shartligini eslatamiz. Shov-shuv ko‘tarib bong urishdan oldin shu tarqatayotgan yolg‘on xabaringiz kimnidir taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini unutmasligingizni so‘raymiz.  

Qaysi ota-ona farzandiga yomonlikni ravo ko‘radi. Bola haqida yomon xabar birinchi ota-onani qalbini jarohatlaydi. Ammo voyaga yetmagan bola yoki qiz haqida gap ketarkan o‘ynab gapirsak ham o‘ylab gapirishimiz kerak. Boisi bugun 8-sinf o‘quvchisining kaltaklanishi bilan bog‘liq holat yuzasidan atrofda tarqalgan gap-so‘zlar nafaqat o‘sha bolaga, balki uning oila a’zolari, qarindoshlari, u ta’lim olayotgan maktab jamoasi, o‘quvchilariga salbiy ta’sir o‘tkazayotganini inkor qilib bo‘lmaydi.  

Mavzuga yana qaytamiz.  

O‘lmas Barotov, O‘zA.