Qashqadaryo viloyatida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, giyohvandlik illatiga qarshi qat’iy pozitsiyani mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum viloyat markazida joylashgan “Kurant maydoni”dan viloyat teatrigacha bo‘lgan yo‘nalishda “Yoshlar giyohvandlikka qarshimiz” shiori ostidagi yurish-marafon bilan boshlandi. Unda minglab yoshlar, jamoatchilik va volontyorlar ishtirok etdi. Shundan so‘ng teatr oldida tadbirning asosiy qismi o‘tkazildi.
Forum doirasida targ‘ibot-tashviqot ishlari bilan birga sport va intellektual musobaqalar ham tashkil etildi. Jumladan, shaxmat-shashka, arqon tortish, stol tennisi, milliy kurash va tosh ko‘tarish yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlar yoshlarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. Bu tadbirlar sog‘lom raqobat, jamoaviylik va ijobiy hayotiy qadriyatlarni targ‘ib etishga xizmat qildi.
Tadbir davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Yoshlar agentligi qoshida faoliyat yuritayotgan Yoshlar front ofisi ko‘ngilli yoshlari tomonidan giyohvandlikning og‘ir oqibatlarini aks ettiruvchi ko‘rgazmali materiallar namoyish etildi. Ishtirokchilarga tushuntirishlar berilib, tarqatma materiallar orqali profilaktik targ‘ibot ishlari olib borildi. Umuman olganda, forumda 5 mingga yaqin yoshlar faol ishtirok etdi.
[gallery-27869]
Qayd etilishicha, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy faollikka jalb etish yo‘nalishida tizimli ishlar olib bormoqda. Hududiy hokimlik va tegishli huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va zararli odatlarning oldini olishga qaratilgan loyihalar qo‘llab-quvvatlanmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IXkKlkVKtFc" title="Qashqadaryoda 5 mingga yaqin yoshlar ishtirokida giyohvandlikka qarshi forum o‘tkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat, video), O‘zA muxbirlari