Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida «Xalq dardi bilan yashaylik!» shiori ostida xayriya tadbiri tashkil etildi.
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand fuqarolarga yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirda «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi hisobidan murakkab kardiologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi belgilangan 17 nafar fuqaro uchun ajratilgan jami 495 million so‘m mablag‘ viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan shifoxonaga topshirildi.
Bu bemorlarning ayrimlari «Temir daftar»ga kiritilgan, boshqalari esa nogironligi bor. Ular uzoq yillar davomida yurak bilan bog‘liq og‘ir xastaliklaridan aziyat chekib kelgan. O‘tkazilishi zarur bo‘lgan murakkab jarrohlik amaliyotlari xarajatlari uchun mablag‘ topishda muammolarga duch kelishgan. Viloyat hokimining onlayn murojaatlar manziliga murojaat yo‘llaganidan so‘ng mazkur muammoning yechimi topildi. O‘rtacha 20 milliondan 35 million so‘mgacha baholanadigan mazkur operatsiyalarning barcha xarajatlari viloyat hokimining tashabbusi bilan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan qoplanadigan bo‘ldi. Shu tariqa mazkur mablag‘lar hisobidan 17 nafar bemorda klapan protezlash, okklyuder implantatsiyasi, koronarografiya stendlash, aortakoronar shuntlash singari murakkab operatsiyalar amalga oshiriladi.
Masalan, Koson tumanilik bemor, 53 yoshli Shoira Mo‘minova surunkali yurak revmatik kasalligidan azob chekib kelmoqda. Uning yuragiga klapan qo‘yilishi zarur. Operatsiya narxi esa 35 million so‘m turadi. Tez orada ayol bu og‘ir darddan forig‘ bo‘lib, oilasi bag‘riga sog‘-salomat qaytadi.
Chiroqchilik 64 yoshli To‘ra bobo Xudoyberdiyevni ham shu singari xastalik uzoq yillardan beri qiynab keladi. Otaxon II guruh nogironi, «Temir daftar»ga kiritilgan. Endi unda ham 35 million so‘mlik jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. Xarajatlar jamg‘arma hisobidan qoplab beriladi.
[gallery-2141]
O‘.Barotov,
J.Norqobilov (surat), O‘zA