Qashqadaryo viloyat hududiy saylov komissiyasida OAV vakillari uchun saylov jarayoniga tayyorgalik mavzusiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda hududiy saylov komissiyasi raisi Ural Ostonov viloyatda saylovga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida axborot berdi.
Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 9-moddasiga ko‘ra, mamlakatimizda Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun yetmish beshta hududiy bir mandatli saylov okrugi tuzildi.
Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha bir mandatli saylov okruglarining chegaralari Qoraqalpog‘iston Respublikasining, viloyatlarning va Toshkent shahrining ma’muriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda, qoida tariqasida, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soni teng holda belgilandi.
Unga muvofiq, viloyat hududi 7 ta saylov okrugiga ajratilgan. Ya’ni viloyatdan 7 nafar nomzod Qonunchilik palatasi deputatligiga saylanadi.
Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazish uchun esa O‘zbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi.
Saylov kodeksida mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish uchun saylov okruglari Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlaridagi deputatlik o‘rinlariga teng miqdorda tuzilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shundan kelib chiqqan holda viloyatda viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 60 ta, tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi 400 ta saylov okruglari tuzildi.
Saylov uchastkalari saylovni tashkil etish va o‘tkazishning eng muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Saylovchilar va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilari saylovga ko‘rilgan tayyorgarlikka asosan saylov uchastkalarida yaratilgan sharoitlarga qarab baho beradi.
Shu bois ularni tuzish, jihozlash, saylovchilar uchun qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Viloyat miqyosida jami 1038 ta saylov uchastkasi tuzilgan bo‘lsa, shundan 32 tasi yangidan shakllantirildi. Mazkur saylov uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari uchun yagona hisoblanadi.
Saylov uchastkalarning 808 tasi maktablarda, 65 tasi oliy o‘quv yurtlari, kollej, texnikum va kasb-hunar maktablarida, 50 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlarida, 44 tasi madaniyat va sport markazlarida, 20 tasi tibbiyot muassasalarida, 15 tasi harbiy qism, ozodlikdan mahrum etish muassasalarida, 7 tasi davlat xizmatlari markazlarida, 4 tasi tadbirkorlar binolarida hamda 25 tasi boshqa tashkilotlar binolarida joylashtirildi.
Har bir saylov uchastkasi belgilangan talablarga muvofiq jihozlandi, zarur mebel, ofis texnika vositalari bilan ta’minlandi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga taalluqli hamda nomzodlar haqidagi ma’lumotlar, ko‘rgazmali vositalar bilan to‘liq ta’minlandi.
Uchastka saylov komissiyasi a’zolari soni 10 ming 524 nafardan iborat. Komissiya a’zolarining 4 ming 900 nafarini (47%) xotin-qizlar, 277 nafarini (3%) nogironligi bor shaxslar hamda 716 nafarini (6,8 %) boshqa millat vakillari tashkil etmoqda. Ularning 294 nafari huquqshunos, 1166 nafari shifokor, 722 nafari muhandis, 834 nafari iqtisodchi, 5344 nafari pedagog, 244 nafari jurnalist va 1920 nafari boshqa mutaxassisligiga ega.
Saylovni ko‘rtarinki ruhda o‘tkazish ko‘p jihatdan uni tashkil qilishda ishtirok etuvchilarning bilim, malaka va ko‘nikmasi, saviyasi nechog‘li yuksak bo‘lishiga bog‘liq. Shu bois, saylov komissiyalari, saylov shtablari a’zolarini o‘qitishga alohida e’tibor qaratildi.
Joriy yilning 19-21 avgust kunlari 85 nafar hududiy trener, 23-24 avgust kunlari 48 nafar tuman (shahar) saylov komissiyalari raislari, ularning o‘rinbosarlari va kotiblari, 26-27 avgust kunlari 180 nafar viloyat saylov okrugi raislari, ularning o‘rinbosarlari va kotiblari ishtirokida Qarshi davlat universitetida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Shuningdek, 58 nafar SJBAT trenerlari tomonidan 5-14 sentyabr kunlari har bir uchastkalardan 2 nafardan, jami 2 ming 36 nafar operator uchun saylovchilarning yagona ro‘yxati bilan ishlashi bo‘yicha o‘quv- seminarlar o‘tkazildi.
Joriy yilning 5 sentyabr kunidan boshlab, 3096 nafar uchastka komissiyasi raisi, ularning o‘rinbosari va kotiblari saylov qonunchiligi bo‘yicha o‘qitildi.
Shundan so‘ng esa 1-14 oktyabr kunlari oliy ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilari orasidan shakllantirilgan 85 nafar trener har bir saylov uchastkasining o‘zida uchastka saylov komissiyalarining barcha a’zolari uchun o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar olib bordi.
Yaqinlashayotgan saylovlarda viloyatdan 1 million 872 ming 564 nafar saylovchi ovoz berishda ishtirok etishi kutilmoqda. Ularning 37 ming 614 nafarini ovoz berishda ilk bora qatnashadigan yoshlar tashkil etadi.
Markaziy saylov komissiyasining qaroriga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berish 2024 yil 16 oktyabr kuni boshlanib, 2024 yil 23 oktyabr kuni yakunlandi.
Shu vaqt oralig‘ida viloyatda istiqomat qiluvchi hamda saylov kunida o‘z yashash manzilida bo‘la olmaydigan 153 ming 365 nafar (8,2 foiz) vohadoshlarimiz muddatidan oldin ovoz berdi. Ularning xohish-irodasi aks etgan byulletenlar yopiq konvertda uchastka saylov komissiyalarining seyfida saqlanadi.
Muxtasar aytganda, Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining sayloviga Saylov kodeksi va boshqa huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq holda puxta tayyorgarlik ko‘rildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri