Joriy yilning 6-10 avgust kunlari Litvaning Trakay shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha U-19 yosh toifasidagilar o‘rtasida jahon chempionati musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli musobaqada ikki kishilik qizlar ekipajida terma jamoamiz a’zolari Aydana Smetullayeva hamda Qarshi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi 11-sinf o‘quvchisi Rayhon Sattorova kumush medalini qo‘lga kiritdi.

Ma’lumot uchun: ushbu natija O‘zbekiston akademik eshkak eshish sporti tarixida ayollar o‘rtasida jahon chempionatida erishilgan birinchi natija hisoblanadi. Shu vaqtgacha akademik eshkak eshish sporti bo‘yicha ayollar o‘rtasida jahon chempionatida natija qo‘lga kiritilmagan.
***
Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov bir guruh fidoyi quruvchilar, qurilish tashkilotlari xodimlari va ishchi-xodimlar bilan uchrashib, vohaning barcha bunyodkorlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.

Keyingi 8 yilda Qashqadaryoda qariyb 26 ming xonadonli 711 ta ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirildi.
Transformator va uzatish liniyalarini yangilash hisobiga 320 ming xonadonning elektr ta’minoti yaxshilandi.
5,2 ming kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari qurildi. Markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti 37 foizdan 62 foizga yetdi.
Investitsiya dasturi doirasida mingga yaqin ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 9,5 ming km.dan ortiq yo‘l va 114 ta ko‘prik ta’mirlandi.

Viloyatning turizm salohiyatini yuksaltirish maqsadida bir qator ob’ektlar bunyod etilmoqda. Birgina Mirakining o‘zida 180 million dollarlik 200 dan ortiq loyiha ishga tushdi yana 150 million dollarlik loyihalar bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
***
Qamashi tumani hokimi va viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i tuman hokimligi va tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tashkil qilingan ko‘chatxona faoliyati bilan tanishdi.

2 sotix maydonda joylashgan mazkur ko‘chatxonada tut, qayrag‘och, katalpa, akatsiya, jiyda kabi 10 turdagi jami 120 ming tupga yaqin manzarali ko‘chatlar parvarishlanmoqda.

Ushbu ko‘chatlar tumanning ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarida keng foydalanilishi rejalashtirilgan.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri