Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo xabarlari –qisqa satrlarda
14:52 / 2024-08-29

Qarshi shahrining Oydin mahallasida “Bek binokor umumiy servis” MCHJ tomonidan 135 ta xonadonga mo‘ljallangan 2 ta yangi turarjoy binosi qurildi. Ushbu yangi zamonaviy uylar viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi rahbarlar ishtirokida o‘z egalariga topshirildi.

Harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ushbu turar joyning 50 ta xonadoni ularga ajratildi. Bundan tashqari, uy-joyga muhtoj bo‘lgan insonlarga ham alohida e’tibor qaratilib, 20 ta xonadon subsidiya asosida ularga berildi. Bu oila a’zolarining ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ularning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan muhim chora-tadbirlardan biri bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida: bugun Qarshi shahrida 432 xonadondan iborat 5 ta ko‘p qavatli uyni o‘z ichiga olgan “Yashil zamin” turarjoy majmuasi ham foydalanishga topshirildi.

***

Mustaqillik bayrami arafasida Qarshi shahrining Neftchi mahallasida tadbirkor Sayyora Vafoyeva tomonidan 50 o‘rinli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ochildi.  

Shuningdek, Qilichbek Qo‘rg‘oncha mahallasida tadbirkor Shahnoza Bekmurodova tomonidan 25 o‘rinli oilaviy nodavlat ta’lim tashkiloti ishga tushirildi.

Bugungi kunda Qarshi shahrida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 190 taga yetdi. Yangi oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ochilishida shahar hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda mahalliy fuqarolar yig‘inlari mas’ullari ishtirok etdi.

 

***

Mustaqillikning 33 yilligi bayrami oldidan Qarshi shahridagi Cho‘lquvar mahallasida joylashgan 11-umumta’lim maktabi yangi o‘quv binosiga ega bo‘ldi. Ushbu 900 o‘rinli zamonaviy bino tadbirkor tomonidan homiylik asosida qurilgan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 11 milliard so‘mni tashkil etadi.

Yangi o‘quv binosi 5 qavatdan iborat bo‘lib, unda 30 ta fan xonasi va faollar zali joylashgan. Ushbu xonalar zamonaviy o‘quv jihozlari va texnologiyalar bilan to‘liq ta’minlangan. O‘quv binosining tashqi qismida esa o‘quvchilar uchun maxsus sport maydonchalari barpo qilingan. Jumladan, voleybol maydonchasi va mini futbol stadioni ham mavjud.

Maktabning ochilish marosimida viloyat hokimi Murotjon Azimov, shuningdek, jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Tadbir davomida ushbu yangi maktab binosining ahamiyati va ta’lim jarayonida yaratadigan yangi imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri