Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo viloyatining tog‘li hududlarida turizm ob’ektlari barpo etiladi
12:47 / 2023-11-30

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti  “Qashqadaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm ob’ektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, xorijiy davlatlarning malakali ekspertlari va yetakchi kompaniyalari ishtirokida Shahrisabz tumanining "Miraki", "Amir Temur", "Uloch" va "Polmon" mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi umumiy maydoni 240 gektar bo‘lgan yer uchastkasida zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari va turizm infratuzilmasi ob’ektlari, jumladan mehmonxonalar, mehmon uylari, sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar ob’ektlari, shuningdek, Qamashi tumanining "Katta o‘ra" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi umumiy maydoni 58,6 gektar bo‘lgan yer uchastkasida mehmonxona, sog‘lomlashtirish sanatoriysi, umumiy ovqatlanish ob’ektlari, dor yo‘llari, tog‘-chang‘i kompleksi va boshqa turistik ahamiyatga ega ob’ektlar barpo etishni nazarda tutuvchi master-reja loyihasi ishlab chiqiladi.

Shahrisabz tumani hududidagi umumiy maydoni 240 gektar bo‘lgan yer uchastkasida "Shahrisabz" turistik markazi, Qamashi tumani hududidagi umumiy maydoni 58,6 gektar bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasida "Maydanak baland tog‘” turistik markazi tashkil etiladi. 

"Shahrisabz" va "Maydanak baland tog‘" turistik markazlarini rivojlantirish va boshqarish uchun davlat muassasasi shaklida Qashqadaryo viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamenti tashkil etiladi va u Shahrisabz tumanida joylashadi.

Ushbu qaror bilan "Shahrisabz" va "Maydanak baland tog‘” turistik markazi hududi chegaralari tasdiqlandi.

Shu bilan birga Vazirlar Mahkamasiga turistik markazlarning chegaralari va ularning tavsiflariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolati ham beriladi. 

Turistik markazlar hududidagi umumiy foydalanishdagi yer uchastkalari master-reja, bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalariga muvofiq infratuzilma ob’ektlari va ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlarni barpo etish uchun Departamentga va (yoki) ushbu ob’ektlarni qurish, saqlash va foydalanish vazifasini amalga oshiruvchi boshqa davlat organlari, muassasalari va korxonalariga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi.

Master-reja, bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalariga muvofiq tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan bo‘sh yer uchastkalari mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida elektron onlayn auksion orqali realizatsiya qilinadi.

Bo‘sh yer uchastkalari elektron onlayn auksion orqali turistik markazlarning master-reja, bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalarida nazarda tutilgan ob’ektlarni barpo etish sharti bilan lotlarga bo‘lingan holda realizatsiya qilinadi. 

Shahrisabz tumanining "Miraki", "Amir Temur", "Uloch" va "Polmon" mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda Qamashi tumanining "Katta o‘ra" mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida xususiy investitsiyalarni jalb qilgan holda 2024-2025 yillarda qo‘shimcha mehmonxonalar, mehmon uylari, xizmat ko‘rsatish majmualari va dam olish maskanlarini qurish maqsadida bo‘sh yer uchastkalarini 10 yil muddatda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan auksion savdolariga chiqariladi.

O‘zA