O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Qashqadaryo viloyatida aholi salomatligini muhofaza qilish hamda sog‘liqni saqlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, quyidagilar Qashqadaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
aholi orasida surunkali kasalliklarni erta aniqlash maqsadida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tomonidan profilaktik ko‘riklar va skrining dasturlari ko‘lamini kengaytirish;
ortiqcha vazndan xalos bo‘lish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya etish, jismoniy faollikni oshirish, infarkt, insult, qandli diabet, onkologik va boshqa kasalliklarning oldini olish;
aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni yaqinlashtirish, viloyat darajasida 40 turdagi va tuman darajasida 20 turdagi yangi davolash va diagnostika usullarini amaliyotga joriy qilish;
kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi sifatini oshirish, tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, jumladan, olis va chekka hududlardagi vakant o‘rinlarni malakali kadrlar bilan butlash;
aholi va tibbiyot tashkilotlarini sifatli va xavfsiz dori vositalari, tibbiy buyumlar bilan ta’minlash;
tibbiyottizimini raqamlashtirish.
Qaror bilan:
2024-2026 yillarda Qashqadaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi;
2024-2026 yillarda Qashqadaryo viloyati tibbiyot muassasalarini zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash dasturi;
Qashqadaryo viloyati tibbiyot muassasalarini kompyuter texnikasi va boshqa texnik vositalar bilan ta’minlash dasturi tasdiqlandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda aholi orasida to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha quyidagilarni amalga oshiradi:
aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning o‘zz sog‘ligi uchun javobgar ekanligi yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish;
yoshi, tana tuzilishi, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib, kattalar va keksalar uchun to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lomlashtirish mashqlari va gigiyena qoidalari to‘plamini yaratish;
aholining har bir xavf guruhi va kasallik turlari uchun parhez ovqatlanishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish;
maktabgacha ta’lim tashkilotlarida "Shaxsiy gigiyena va jismoniy tarbiya asoslari" mashg‘ulotlarini, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv rejalariga "Salomatlik saboqlari" mavzularini kiritish orqali bolalarda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini hosil qilish;
sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar va ularning xavf omillariga qarshi kurashish hamda oldini olish bo‘yicha maxsus turkum dasturlar ishlab chiqish hamda ommaviy axborot vositalarida targ‘ib qilish.
Bunda, sog‘lom turmush tarzining ahamiyati, dori vositalarini hamda o‘zini o‘zi nazorat qilish vositalarini qo‘llashga oid maxsus ko‘rsatuvlar, ijtimoiy reklamalar va roliklarning muntazam namoyishi yo‘lga qo‘yiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari:
a) 2024 yil 1 aprelga qadar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining barcha tibbiyot brigadalari xodimlarini aholining xavf guruhini aniqlash hamda ularni yurak-qon tomir, qandli diabet va onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha skriningdan o‘tkazish yuzasidan malakasi oshiriladi.
Bunda, tegishli respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tavsiyalari asosida Salomatlik va strategik rivojlanish instituti tomonidan skrining dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi:
b) tibbiyot muassasalaridagi mavjud vakant shifokor o‘rinlariga tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi kurs talabalarini ishga qabul qilish bo‘yicha joriy etilgan tajriba-sinov loyihasi 2024-2025 yillarda barcha hududdarda davom ettiriladi;
v) Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 5 yil ishlab berish sharti bilan alohida davlat buyurtmasi joriy etiladi.
2024 yil 1 maydan boshlab Qashqadaryo viloyatida onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlagan tibbiyot brigadalari har bir aniqlangan holat uchun Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2 million so‘m miqdorida rag‘batlantiriladi.
2024 yil 1 martdan boshlab Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarning mavjud quvvatlari doirasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo viloyati filialining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan saqlanadigan o‘rin-joylar soni 220 tadan 300 taga oshiriladi;
"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJga qarashli Qarshi temir yo‘l shifoxonasining bino, inshootlari, tibbiy texnika va jihozlari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo viloyati filialiga beg‘araz o‘tkazib beriladi.
Qarorda Qarshi shahar tug‘uruq kompleksi o‘rnida 200 o‘rin-joyli yangi tug‘uruq kompleksini qurish ham belgilangan.
Bunda, yangi tug‘uruq kompleksi:
Sog‘liqni saqlash vazirligining texnik topshirig‘iga asosan xususiy tadbirkor tomonidan zamonaviy talablar asosida loyihalashtiriladi, quriladi va zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi;
qurilish ishlari to‘liq yakunlangandan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligi balansiga o‘tkazib beriladi;
b) Qarshi shahrida Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarning mavjud quvvatlari doirasida 50 o‘ringa mo‘ljallangan otir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklar bilan xastalangan bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatuvchi hududlararo xospis tashkil etiladi.
Quvayt arab iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Qarshi shahrida yangi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Beshkent shahrida yangi shifoxona quriladi.
Yangi quriladigan tibbiyot markazi va shifoxona konsepsiyalari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Loyihalarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan.
O‘zA