Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
12:39 / 2026-02-18

Kitob tumanida zamonaviy oilaviy poliklinika foydalanishga topshirildi.

2025-yilda openbudget.uz portaliga joylashtirilgan tashabbus g‘olib deb topilgach, tumandagi Surum mahallasida bunyodkorlik ishlari izchil va keng ko‘lamda olib borildi. Natijada mahallada zamonaviy 13-sonli oilaviy poliklinika qad rostlab, foydalanishga topshirildi.

Mazkur tibbiyot muassasasining tantanali ochilish marosimida tuman hokimi, sog‘liqni saqlash sohasi vakillari, mahalla faollari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbir davomida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, yaratilgan shart-sharoitlar va aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar alohida ta’kidlab o‘tildi.

Ma’lumot o‘rnida, umumiy qiymati 2 milliard so‘mni tashkil etgan mazkur loyihaning 1,5 milliard so‘mi “Tashabbusli byudjet” mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi. Qolgan qismi esa tuman tibbiyot birlashmasi hamda mahalliy homiylar tomonidan qoplandi.

***

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qo‘ng‘irot tumanida sanoat sohasida muhim investitsion loyiha ishga tushirildi. Qashqadaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan Qashqadaryoda faoliyat yuritayotgan SAFCO LLC tomonidan zamonaviy tekstil fabrikasi va xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish markazi foydalanishga topshirildi.

Bu fabrikada trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 15 mln dona mahsulotni tashkil etib, ularning 50 foizi eksportga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda birinchi bosqichda 30 nafardan ortiq xotin-qiz ish bilan ta’minlandi. Keyingi bosqichlarda yana 115 nafar fuqaroning doimiy ish bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.

Bu zamonaviy korxona hudud sanoat salohiyatini yanada mustahkamlash, aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish va eksport hajmini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

***

Qarshi shahrida joriy yilning 16-17-fevral kunlari YUNESKO va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi hamkorligida matbuot kotiblari uchun “Strategik kommunikatsiyalar va axborotdan foydalanish imkoniyati” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Seminarda YUNESKOning O‘zbekiston, Ispaniya va ukrainalik xalqaro va milliy ekspertlari matbuot xizmatlarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan mavzularda fikr almashdi. 

Dasturning asosiy maqsadi fuqarolarning xalqaro inson huquqlari standartlariga muvofiq axborot olish huquqini ta’minlash hamda davlat muassasalarida strategik kommunikatsiyalarni takomillashtirishdir. Ushbu tashabbus shaffoflik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Unda ta’kidlanishicha, davlat organlarining tezkor aloqasi hamda izchil qonunlar fuqarolarning axborot olish huquqini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri