Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
20:41 / 2026-02-09

Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov yaxna go‘shti tayyorlab, sotish bilan mashhur bo‘lgan “Chiyalim – g‘ururim” dehqon bozorida bo‘lib, tashkilotlar rahbarlari va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Bozor hududini kengaytirish, raqamlashtirish va zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar tinglandi.

Ma’lumot o‘rnida, Prezidentimiz 2025 yil viloyatga tashrifida Ko‘kdaladagi Chiyal dehqon bozori hududida 50 ga yaqin tadbirkorlar Chiyal yaxnasini tayyorlab, sotishi va bu 100 yillik an’anaga aylanganini ta’kidlagan edi.

***

Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq Qarshi shahrida aholini barqaror issiqlik energiyasi bilan ta’minlash maqsadida “Cho‘lquvar” va “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida yangi qozonxona qurish hamda issiqlik tarmoqlarini tortish ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida barpo etilayotgan qozonxona ishga tushirilishi natijasida mazkur mahallalar hududida joylashgan 2 ming 300 ta xonadonli 54 ta ko‘p qavatli turar joy hamda 16 ta ijtimoiy soha ob’ekti to‘liq markazlashgan issiqlik ta’minoti bilan qamrab olinadi. Jumladan, 2 ta umumta’lim maktabi, 3 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 11 ta ma’muriy binoda issiqlik ta’minoti sezilarli darajada yaxshilanadi.

Qurilish ishlarini 2026 yil oktyabr oyida yakunlab, ob’ektni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan Qarshi shahar hokimi Cho‘lquvar mahallasida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishib, loyihaning sifatli va belgilangan muddatlarda bajarilishini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.

***

Qashqadaryo viloyati hokimligi, Migratsiya agentligi hamda Xususiy bandlik agentliklari federatsiyasi hamkorligida Qarshi shahrida “Xorijda ish” mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Tadbirda viloyat hokimi Murotjon Azimov ishtirok etib, yoshlar bilan muloqot qildi hamda chet tillari va kasb-hunarni puxta egallash orqali xorijda munosib daromad topish imkoniyatlari mavjudligini ta’kidladi.

Yarmarkada xorijda ishlash istagida bo‘lgan, ishsiz va band bo‘lmagan, shuningdek, mehnat migratsiyasidan qaytgan 2 mingdan ortiq fuqaro qatnashdi. Tadbirda tijorat banklari hamda tuman (шаҳар) bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

Xususiy bandlik agentliklari ishtirokchilarga xorijdagi ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari, ish haqi miqdori va talablar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berdi. Yarmarka doirasida Polsha, Bolgariya, Germaniya, Latviya, Litva, Mongoliya, Janubiy Koreya, Slovakiya, Gollandiya, Finlyandiya, Turkiya, Xorvatiya, Isroil va BAA kabi 14 ta davlatdagi 10 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi.

Ma’lumot o‘rnida, mazkur mehnat yarmarkasi ertaga Shahrisabz shahrida ham bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, Germaniya davlatida ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar Qarshi shahri Kasbiy ko‘nikmalar markaziga murojaat qilishi mumkin.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri