Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:57 / 2026-01-07

Ko‘kdala tumanida yangi chavandozlar maktabi qurilishi rejalashtirilmoqda.

Tumanda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qashqadaryo viloyati chavandozlar maktabi binosi loyihasi tayyorlanmoqda.

Loyiha doirasida ochiq va yopiq manejlar, otlarni sovitish maydoni, avtomobillar uchun joy, ot binolari, yem-xashak ombori, kamondan o‘q otish maydonlari hamda bufet barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Qurilish ishlari joriy yilning yanvar oyidan boshlanishi rejalashtirilgan. Ushbu loyiha qurib bitkazilsa, hududdagi ko‘pkari va ot sporti musobaqalarini ham xavfsiz hamda qulay sharoitlar asosida ushbu manejda bemalol o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

***

Kasbi tumanining Jizza qishlog‘ida istiqomat qiluvchi, 73 yoshni qarshilagan To‘ra hoji Doniyorov bugun ham mehnat maydonida faol. Nafaqada bo‘lishiga qaramay, samarali faoliyat olib bormoqda.

U rahbarlik qilayotgan “To‘ra Asl Asali” sabzavotchilik fermer xo‘jaligida turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda. Xususan, otaxon 10 sotix yerda barpo etilgan issiqxonada banan yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan.

Ikki yil avval Andijon viloyatining Buloqboshi tumanidan olib kelingan 250 tup banan ko‘chati bugun mo‘l hosil bermoqda. O‘tgan yili bananlar hosilga kirib, ko‘chatlar orasiga ekilgan bodring bilan birgalikda yaxshi daromad keltirdi. Hozirda issiqxonada 1000 tupga yaqin banan ko‘chati baravj rivojlanmoqda.

Shuningdek, u yana 15 sotix yerda yangi issiqxona qurib, limon yetishtirishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Fermer xo‘jaligi hududida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, parvarishlanmoqda.

Xo‘jalikda parrandachilik ham yo‘lga qo‘yilgan. Yaqinda 5 tonnadan ortiq tovuq go‘shti mahalliy bozorlarga yetkazib berildi. Hozirda 6 ming dona jo‘ja parvarishlanib, ularning belgilangan vaznga yetishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

To‘ra hoji Doniyorov turmush o‘rtog‘i Zubayda hoji Safarova bilan birga mehnat va halol rizqdan bahramand bo‘lib, el-yurt e’zozida yashamoqda.

***

Qamashi tumanidagi 23-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Otamurodova Guloyim Sherzod qizi dunyoning nufuzli xorijiy universitetlariga talabalikka tavsiya etildi.

U O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Abituriyent test markazi tomonidan tashkil etilgan imtihonda eng yuqori ball to‘pladi.

Natijada Guloyim Janubiy Koreyadagi Yonsey universiteti, Malayziyaning Syamen universiteti hamda Xitoyning Sian Shiyou universitetiga grant asosida o‘qishga tavsiya etildi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri