Viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi mas’ullar Kitob tumanida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar ijrosi bilan tanishish maqsadida navbatdagi o‘rganish ishlarini olib bordi.
Dastlabki tashrif tumanning Paxtaobod mahallasida joylashgan, “Kifti-ob baraka chorva” MCHJ tomonidan yangidan tashkil etilgan un va un mahsulotlari ishlab chiqarish zavodida bo‘ldi. Umumiy qiymati 6 million dollarni tashkil etgan mazkur loyiha doirasida yiliga 40-45 ming tonna un ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy korxona foydalanishga topshirildi. Loyihaning ishga tushirilishi natijasida 50 ga yaqin doimiy, mavsumiy davrda esa 200 nafarga yaqin qo‘shimcha ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Tashrifning navbatdagi manzili tuman markazida bunyod etilgan “KITOB MED” lor-markazi bo‘ldi. Ochilish marosimida viloyat hokimi Murotjon Azimov ishtirok etib, qiymati 2,1 million dollar bo‘lgan loyiha tashabbuskoriga minnatdorlik bildirdi hamda tumanda yana bir zamonaviy tibbiyot maskani ish boshlagani bilan aholini tabrikladi. Shundan so‘ng mas’ullar klinikada bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

O‘rganishlar davomida aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Mustaqillik mahallasida “Umid Ismoilxon” MCHJ tomonidan barpo etilayotgan 6 ta 5 qavatli, 120 xonadondan iborat turar joy majmuasi qurilish jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, Hamid Olimjon mahallasida “Voha mash’ali” MCHJ hamda “Forward to dreams” xususiy korxonasi tomonidan qurilayotgan 135 xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar bilan tanishildi.

Tashrif yakunida mas’ullar tomonidan yangi ko‘p qavatli uylar atrofida manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
***
Ko‘kdala tumanida ishsiz va migratsiyadan qaytgan 100 nafar yoshga o‘z-o‘zini band qilish hamda kambag‘allikdan chiqarish maqsadida jami 100 gektar yer maydoni ajratish masalasi yuzasidan seminar tashkil etildi.

Tadbirda tuman hokimi X.Jo‘rayev boshchiligidagi mas’ullar ishtirok etib, yoshlarga lalmi yer maydonlarida suv ta’minoti muammosini hal etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Xususan, ekinlarni samarali sug‘orish uchun zamonaviy yomg‘irlatib sug‘orish texnikalaridan foydalanish taklif qilindi.

Yoshlarga Xushali mahallasi hududidagi mahalliy tadbirkor Nurmatov Asfiddinga tegishli “Omad Plast SS” MCHJ korxonasida ishlab chiqarilayotgan suv tejamkor quvurlar va sug‘orish uskunalari amaliy tarzda namoyish etildi.

Ular xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaaciga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qashqadaryo viloyati kengashi tasarrufidagi G‘uzor tumani o‘quv-sport texnika klubida yangi zamonaviy avtodrom foydalanishga topshirildi.

Tantanali ochilish marosimida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi rahbariyati, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi, viloyat va tuman hokimligi mas’ullari, yoshlar, o‘qituvchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida rasmiy ramz sifatida ochilish lentasi qirqilib, avtodrom o‘quv jarayoniga rasman topshirildi.

Tadbirning badiiy qismda harbiy xizmatchilar tomonidan qo‘llangan qurollar bilan ko‘rgazmali chiqishlar, G‘uzor tumani yoshlari ijrosidagi qo‘l jangi elementlari namoyishi hamda Qarshi garnizoni harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, marosim doirasida “Aviamodel” va “Raketamodel” to‘garaklari faoliyati yuzasidan mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga batafsil ma’lumotlar berildi. O‘quvchilar tomonidan yasalgan uchuvchisiz uchish apparatlari namoyishi hamda o‘quv-sport texnika klubi a’zolarining turli sport texnikalaridagi ko‘rgazmali chiqishlari tadbirga o‘zgacha joziba bag‘ishladi.
Qayd etish joizki, bugungi kunda “Vatanparvar” tashkiloti Qashqadaryo viloyati kengashi tasarrufidagi 18 ta o‘quv muassasasida 59 ta yuk, 157 ta yengil avtomobil, 5 ta avtobus, 4 ta tirkama va 16 ta mototransport vositalari mavjud bo‘lib, ushbu baza talabgorlarni barcha toifadagi haydovchilik guvohnomasiga o‘qitish imkonini bermoqda. Yangi avtodromning ishga tushirilishi esa ushbu jarayonni yanada takomillashtiradi va o‘quvchilar uchun kengroq amaliy sharoit yaratadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri