Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:47 / 2025-11-03

Qarshi shahrida zamonaviy infratuzilmaga ega yangi sport inshooti – “GYM X FITNESS” majmuasi foydalanishga topshirildi.

Cho‘lquvar mahallasi hududida “SARBON LTD” MCHJ tomonidan qurilgan ushbu sport majmuasi qiymati 500 ming AQSH dollariga teng bo‘lib, zamonaviy talablarga to‘la mos. Inshootda 105 turdagi sport trenajyorlari o‘rnatilgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 105 nafar fuqaro sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishi mumkin. Loyiha doirasida 10 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Murotjon Azimov, O‘zbekiston bodibilding va fitnes federatsiyasi prezidenti Habibullo Nizomov, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar hamda fuqarolar ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bunday zamonaviy sport maskanlari yoshlarni sportga keng jalb etish, aholi salomatligini mustahkamlash va yurtdoshlarimiz orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Tashrif buyurganlar majmuada yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, undagi zamonaviy jihozlar va qulayliklarni yuksak baholadi.

***

Qarshi tumani “Batosh” MFYda tuman hokimligi va “Turonbank” ATB hamkorligida “Limon sayli” nomli ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda viloyat hokimi birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Uzakov, tuman hokimi Zoir Alikulov, shuningdek, Ilmiy sinov va sifat nazorati Davlat muassasasi vakillari ishtirok etdi. 

Seminar doirasida ishtirokchilar limonchilikni rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi, mahsulot eksporti bo‘yicha fikr almashildi, qishloq xo‘jaligi fanlari doktorlaridan amaliy tavsiyalar olindi. 

Shuningdek, @uzbek_limoni Telegram guruhi haqida ham ma’lumot berildi. Bu yerda limonchilar mutaxassislar bilan muloqot qilish, ko‘chat yetishtirishdagi yangiliklar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Tadbir yakunida esa ishtirokchilar tumandagi namunaviy issiqxonalarni ko‘zdan kechirib, o‘zaro tajriba almashdi. 

***

Qamashi tumani hokimi Xurshid Usmonov Janubiy Koreyadan tashrif buyurgan investor janob IK Tea bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ma’lumki, tomonlar o‘rtasida dastlabki muloqot avvalroq onlayn formatda tashkil etilgan hamda noyabr oyida yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Ushbu amaliy uchrashuv ana shu kelishuvning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Muzokaralar davomida Janubiy Koreyalik investorlar Qamashi tumanida intensiv usulda shaftoli yetishtirish loyihasini amalga oshirish istagini bildirdi. Loyihaning dastlabki bosqichida 30 gektar maydonda bog‘ barpo etish, zamonaviy agrotexnologiyalar asosida parvarish ishlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Tashabbus amalga oshirilsa, mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari ham yaratiladi.

Uchrashuvda tuman hokimi mehmonlarga hududda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, mavjud infratuzilma, agrar sohadagi imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. Qamashi tumanida meva-sabzavotchilik, xususan, bog‘dorchilikni rivojlantirish uchun keng sharoitlar mavjudligi ta’kidlandi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, investitsiya loyihasini bosqichma-bosqich amalga oshirish va o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash borasida kelishib oldi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri