Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va tinchlikni mustahkamlash yo‘lida ichki ishlar organlari muhim o‘rin tutadi. So‘nggi yillarda soha xodimlari uchun qulay ish sharoitlari yaratish, zamonaviy texnika bilan ta’minlash va ularning xizmat salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Kasb bayrami munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi tomonidan viloyat ichki ishlar organlariga ajratilgan xizmat avtomobillarining kalitlari xodimlarga tantanali ravishda topshirildi.

Marosimda viloyat hokimi Murotjon Azimov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Abduvoxid Ismoilov, soha faxriylari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida viloyat hokimi Murotjon Azimov ichki ishlar tizimida yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, xususan, “Tezkor boshqaruv markazi” loyihasi faoliyati bilan ham tanishdi.

Bu kabi yangilanishlar nafaqat xodimlar uchun qulaylik, balki xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda yangi bosqichni boshlab bermoqda.
***
Transport vazirligi huzuridagi “O‘zavtovokzal servis” MCHJga tegishli Qamashi avtoshohbekati rekonstruksiyadan so‘ng foydalanishga topshirildi.

Tadbirda Qashqadaryo viloyati transport boshqarmasi, Transport nazorati inspeksiyasi hududiy bo‘limi hamda “O‘zavtovokzal servis” MCHJ mas’ul xodimlari, shuningdek, tuman faxriylari va faollari ishtirok etdi.

Avtoshohbekat binosida haydovchilar uchun dam olish, yo‘lovchilar uchun kutish, ona va bola, umumiy ovqatlanish hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish xonalari tashkil etilgan. Avtoshohbekat bir vaqtning o‘zida 300 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega.
***
Kitob tumanida 8 milliard so‘mlik yo‘l loyihasi amalga oshirilmoqda.

4K-303 “Kitob–Miraki” avtomobil yo‘lining 15-25 kilometr oralig‘ida navbatdagi qurilish va asfaltlash ishlari olib borilmoqda.

Ayni paytda Shahrisabz yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan ushbu loyiha doirasida 10 kilometr uzunlikdagi yo‘l qismida qiymati 8 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan asfaltlash ishlari jadal sur’atlarda davom ettirilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA