Shahrisabz shahriga “Butunjahon hunarmandlar shahri” maqomini berish masalasini ko‘rib chiqish maqsadida Butunjahon hunarmandlar Kengashi (WCC AISBL) xalqaro o‘rganish hay’ati a’zolari vohaga tashrif buyurdi.
Muzokaralar davomida ekspertlar va Qashqadaryo viloyati hokimining o‘rinbosari A.Zakirov o‘rtasida viloyatda hunarmandchilik hamda turizm sohasini rivojlantirishga oid qator masalalar muhokama qilindi. Xalqaro ekspertlar tomonidan bir nechta muhim tavsiyalar ham bildirildi.
Delegatsiya kashtachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan hunarmand Saodat Nizomova xonadonida, shuningdek, Iroq kashtachilik an’analarini qayta tiklagan hunarmand Gulnora Odilova ustaxonasida bo‘lib, mahsulot sotuvi, xomashyo, e-commerce va brending masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, kulollar sulolasining 7-avlod vakili Rustam Muzaffarov xonadoniga tashrif buyurildi.
Tez orada shaharga “Butunjahon hunarmandlar shahri” maqomini berish masalasi yakuniga yetkazilib, qaror qabul qilinadi.


***
Kitob tumanida turizm sohasida yirik loyiha – “Ming Chinor Resort” dam olish maskani foydalanishga topshirildi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda turizm salohiyatini oshirish, soha infratuzilmasini rivojlantirish hamda hududlarda yangi turistik ob’ektlarni tashkil etish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur islohotlar samarasida Kitob tumanida sobiq “Mingchinor” umumiy ovqatlanish maskani negizida “Qaynarsoy Villagy” MCHJ tomonidan qiymati 5 million AQSH dollarini tashkil etuvchi “Ming Chinor Resort” dam olish maskani barpo etilib, tantanali ravishda ishga tushirildi.
Tadbirda viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi mutasaddi rahbarlar, nuroniylar, tadbirkorlar, xorijiy sayyohlar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumot o‘rnida, 1 gektar maydonda barpo etilgan mazkur loyiha doirasida 50 o‘rinli zamonaviy mehmonxona, 500 o‘rinli restoran, 25 o‘rinli 4 ta va 30 o‘rinli 5 ta mehmon uylari, shuningdek, 25 o‘rinli 6 ta apartament qurilib foydalanishga topshirildi. Loyiha natijasida 100 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.


***
Ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turgan Muborak tumani hokimining o‘rinbosari Aziz Imomov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari xitoylik investorlar bilan bir qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Xususan, Xitoyning “Zhuhai Gotech Intelligent Technology CO., LTD” kompaniyasining ijrochi direktori Mayk Miao Muborak tumanida elektrotexnika vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Muborak tuman hokimligi delegatsiyasi bilan kelishuvga erishdi.


Shuningdek, muzokaralar davomida “AJT Technical CO. LMD” kompaniyasi ham Muborakda zamonaviy oyna mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri