Rossiyada xizmat ko‘rsatuvchi “GARNET TEAM” MCHJ rahbari va xodimlari Qarshi shahrida bo‘lib, tashrif doirasida qator oliy ta’lim muassasalariga bordi.
Xususan, Axborot texnologiyalari va menejmenti, Xalqaro innovatsion hamda Turon universitetlarida bo‘lib, iqtidorli yoshlar bilan muloqotlar tashkil etildi.


Ushbu tashrif doirasida talabalarning imkoniyatlari o‘rganilib, Rossiya kompaniyasi bilan hamkorlikda Call-markaz xizmatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
***
Qashqadaryoda nemis ta’lim standartlari joriy etilgan texnikumlar soni 6 taga yetdi.

2025-2026 o‘quv yilida viloyatning Qarshi va Shahrisabz shaharlari, shuningdek, Koson, Chiroqchi va G‘uzor tumanlarida joylashgan 6 ta texnikumda Germaniyaning Leypsig shahri Hunarmandchilik palatasi hamda “Avestos” kompaniyasi bilan hamkorlikda to‘liq nemis ta’lim standartlariga asoslangan kasbiy ta’lim tizimi joriy etildi.

“Avestos” kompaniyasi rahbari Miksel Klaus boshchiligidagi delegatsiya mazkur ta’lim muassasalariga tashrif buyurib, texnikumlarda nemis standartlari asosida ta’lim berish huquqini tasdiqlovchi guvohnomalarni tantanali ravishda topshirdi.
Viloyatimizda joriy etilgan “Ausbildung” tizimi orqali tahsil olayotgan o‘quvchilar nemis ta’lim standartlari asosida kasbiy bilim va ko‘nikmalarni egallab, malakali mutaxassis sifatida Germaniyada ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
***
O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan kecha Prezidentimiz ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhiga davlat mukofotlarini topshirib, pedagoglar bilan muloqot qildi.

Qashqadaryoda ham viloyat hokimi Murotjon Azimov tomonidan Prezidentimizning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lgan soha fidoyilariga davlat mukofotlari topshirildi.
Shuningdek, viloyatning eng faol va ta’lim sohasida ulkan natijalarga erishib kelayotgan hamda fidokorona xizmatlari bilan elda hurmat topgan ustozlar uchun bayram dasturi tashkil etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi yana bir bor ularni bayram bilan tabriklab, 20 nafar ustoz va murabbiylarga faxriy yorliq va qimmatbaho esdalik sovg‘alarni topshirgan bo‘lsa, 2 nafar maktab direktorlariga esa bitiruvchilari OTMga kirish bo‘yicha yuqori natijaga erishgani uchun xorijga sayohat yo‘llanmalarini taqdim etdi.
Bayram dasturi go‘zal kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri