Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
18:07 / 2025-09-07

Qarshi shahrida “Kitobxon uy bekasi” tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Tadbirda bilimdonligi, zukkoligi va kitobga bo‘lgan mehr-muhabbati bilan ajralib turgan ishtirokchilar munosib e’tirof etildi.

Tanlov shartlari davomida ishtirokchilar Abdurauf Fitratning “Najot yo‘li”, O‘lmas Umarbekovning “Odam bo‘lish qiyin”, Tog‘ay Murodning “Oydinda yurgan odamlar” hamda Yuy Xuangning “Yashamoq” asarlarini chuqur o‘rganib, sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra,  1-o‘rinni Muhtaram Yo‘ldosheva (G‘uzor tumani), 2-o‘rinni Kumush Pirmamatova (Ko‘kdala tumani), 3-o‘rinni Rohatoy Zaripova (Yakkabog‘ tumani) qo‘lga kiritdi.

***

“Zakovat” intellektual klubi tomonidan Respublika miqyosida maktab o‘quvchilari orasida “Urfon shou” intellektual musobaqasi tashkil etildi. Unda mamlakatimizning 14 ta hududidan terma jamoalar hamda o‘tgan o‘quv yilida o‘quvchilar orasida o‘tkazilgan “Zakovat” musobaqasining Respublika bosqichi g‘oliblaridan iborat 16 ta jamoa ishtirok etdi.

Musobaqaning final o‘yini natijalariga ko‘ra, Qarshi shahridagi 4-maktab, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi hamda Qarshi shahri 1-son ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilaridan tarkib topgan Qashqadaryo viloyati terma jamoasi mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 1-o‘rinni egalladi.

***

Kitob tumanida Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq zamonaviy “Ilk rivojlanish markazi” ish boshladi.

Tadbirda hokimlik va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etib, markazdagi sharoitlar, zamonaviy o‘quv xonalari hamda bolalarning intellektual va jismoniy rivoji uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.

Markazlar 3-6 yoshli, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qamrab oladi. Ular maxsus maktabgacha ta’lim xizmati modeli – pedagoglar tomonidan 2-7 yoshli, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar yashash xonadonlariga borib, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etadi. O‘yin guruhi modeli – 3-6 yoshli bolalar uchun markazlarda qisqa muddatli (3,5–4 soat) guruh mashg‘ulotlarini tashkil etadi.

Eng asosiysi, barcha bolalar bu markazlarda bepul ta’lim-tarbiya oladi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri