Qamashi tumanida “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishiga rasman start berildi. Mazkur loyiha tumanning Oqguzar mahallasi hududida– 66 gektar maydonda amalga oshirilayotgan bo‘lib, u kelajakda aholi uchun barcha shart-sharoitga ega zamonaviy turarjoy va ijtimoiy infratuzilmani o‘z ichiga olgan yangi shaharchani tashkil etadi.
Davlatimiz rahbarining Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Qamashi tumanida aholi turmush darajasini yanada oshirish bo‘yicha aniq vazifa va ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan edi. Mazkur massiv qurilishi aynan shu vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning amaliy ifodasidir.
Qurilishning birinchi bosqichida 7 qavatli 32 ta ko‘p qavatli uy barpo etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, jami 952 xonadon foydalanishga topshiriladi. Ushbu uylar barcha zarur kommunikatsiyalar – tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va markazlashgan kanalizatsiya tizimi bilan ta’minlanadi. Shuningdek, zamonaviy infratuzilma doirasida har bir xonadonga optik internet va videokuzatuv tizimlari ulanishi ko‘zda tutilgan.
Turarjoylar bilan bir qatorda massiv hududida maktab, bolalar bog‘chasi, klinika, madaniyat markazi, sport majmuasi, istirohat bog‘i, avtoshohbekat, yashil hududlar hamda tikuvchilik fabrikasi qurilishi belgilangan. Bu esa fuqarolar uchun nafaqat qulay yashash sharoiti, balki ish o‘rinlari, ta’lim, tibbiy xizmat va dam olish imkoniyatlarini ham yaratadi.



***
Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev shaharda xalqaro iqtidorlarni kashf etishga ko‘maklashuvchi ingliz va koreys tillariga ixtisoslashgan zamonaviy ta’lim markazini tashkil etish ishlari bilan tanishdi.
Mazkur markaz Yoshlar agentligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va Janubiy Koreyaning mashhur “Englishunt Inc” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Shahar hokimi kompaniya bosh direktori Chungrim Xan xonim bilan uchrashib, loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashdi.
Yangi ta’lim maskani yoshlarning xorijiy tillarni mukammal o‘rganishi, xalqaro imkoniyatlarga keng yo‘l ochilishida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

***
Kasbi tumani Arabxona mahallasida zamonaviy sport maydonchasi ishga tushdi.
Ma’lumki, 2024 yilgi “Besh tashabbus olimpidasi” doirasida o‘tkazilgan futbol musobaqalarining respublika final bosqichida Arabxona mahalla jamoasi DXX kubogi g‘olibiga aylangan edi. Shu musobaqadan so‘ng jamoaga va’da qilingan sport inshooti qisqa vaqt ichida qurildi va bugun foydalanishga topshirildi.
Ushbu maydoncha mahalla yoshlari uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi. Ochilish marosimida viloyat sport boshqarmasi mas’ullari, mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etib, barchani ushbu quvonchli tadbir bilan tabrikladi.
Yangi maydonchaning yana bir muhim jihati unda quyosh panelli yoritgichlar o‘rnatilgani. Bu esa yoshlar va sport ixlosmandlariga kun-u tun sport bilan shug‘ullanish imkonini beradi.


***
Mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi arafasida Dehqonobod tumanida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan zamonaviy oilaviy shifokorlik punktlari foydalanishga topshirildi.
Prezidentning tegishli qarori asosida barpo etilgan Oqrabot va Bozortepa mahallaridagi ushbu muassasalar har biri 50 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, zamonaviy uskunalar va qulay infratuzilma bilan ta’minlangan.
Mahalla aholisi yangi tibbiyot maskanlarini uzoq yillik orzuning ro‘yobi sifatida e’tirof etib, ularning aynan mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgani katta quvonch uyg‘otganini bildirdi.


***
Qamashi tumanidagi “Maydanak” baland tog‘ turizm maskaniga zamonaviy kapsulali uylar olib kelindi va ularni joylashtirish ishlari boshlandi.

Ushbu kapsulali uylar turistlar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish, ekoturizmni rivojlantirish hamda hududdagi sayyohlik infratuzilmasini yanada boyitishga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri