Misrning yetakchi kartoshkachilik kompaniyasi vakillari Shahrisabz tumanida o‘rganish ishlarini olib bordi.
Prezidentning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlariga muvofiq, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari rahbarligida Kitob va Shahrisabz tumanlari hokimlari hamda yetakchi fermerlardan iborat delegatsiya Misr Arab Respublikasida xizmat safarida bo‘lib qaytgan edi.
Delegatsiya a’zolari Misrning kartoshkachilik sohasidagi ilg‘or tajribalari va eksport salohiyati bilan yaqindan tanishib, bir qator yirik kompaniyalar bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishgandi.
Hamkorlik doirasida Misrning kartoshkachilik yo‘nalishida yetakchi kompaniyalaridan biri “Daltex” vakillari Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya Shahrisabz tumanidagi “Uloch” va “Hisorak” mahallalarida joylashgan yerlar bilan tanishdi hamda mahalliy tadbirkorlar bilan yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazdi.


***
Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov viloyat yoshlarining salohiyatini ro‘yobga chiqarish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi janob Sakurai Akixiro bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda viloyat yoshlari uchun IT va yapon tili markazlari tashkil etish, Yaponiyaning ilg‘or universitetlari bilan hamkorlikda qo‘shma bakalavr va magistr dasturlarini (ikki diplomli ta’lim dasturini) tashkil qilish, robototexnika loyihalarini maktablarda bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, yoshlarning startap g‘oyalarini rivojlantirish maqsadida “Digital Youth Labs” inkubatsiya markazlarini tashkil etish va doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham fikr almashildi.


***
Kitob tumanida g‘alladan bo‘shagan yer maydonlaridan oqilona foydalanish, takroriy ekinlar sifatida kartoshka yetishtirishni kengaytirish maqsadida amaliy ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Seminarda tuman hokimi Rustam G‘afurov hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, tajribali dehqonlar va yosh fermerlar ishtirok etdi.
Tadbirda g‘alladan bo‘shagan 10 gektar yer maydoniga qishloq xo‘jaligi texnikasi yordamida ishlov berilgan, takroriy ekin sifatida kartoshka ekish jarayonlari namoyish qilindi. Yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida esa ushbu maydonning 50 sotixdan iborat qismlari 20 nafar ishsiz yoshga biriktirib berildi.


Ma’lumot uchun, joriy yilda Kitob tumanida g‘alladan bo‘shagan yerlarning 1 ming 200 gektariga kartoshka ekish rejalashtirilgan.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri